Hokim 106 yoshli onaxonning duosini oldi
El-yurt farovonligi yoʻlidagi mehnatlari, pok niyat va ezgu maqsadlari bilan umridan baraka topgan tabarruk onaxon sakkiz nafar farzandni voyaga yetkazib, yurt xizmatiga kamarbasta qilgani ham eʼtiborga molik.
Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov karantin sharoitida ishlayotgan korxona va tashkilotlar, fermer xoʻjaliklari faoliyati, shuningdek, aholining ijtimoiy va iqtisodiy muammolarini oʻrganish, ularning yechimi yuzasidan chora-tadbirlar belgilash maqsadida Pop tumani boʻylab safari chogʻida Ultarma mahallasida yashovchi 106 yoshli Xayriniso aya Yoʻldoshevaning xonadonida boʻldi.
El-yurt farovonligi yoʻlidagi mehnatlari, pok niyat va ezgu maqsadlari bilan umridan baraka topgan tabarruk onaxon sakkiz nafar farzandni voyaga yetkazib, yurt xizmatiga kamarbasta qilgani ham eʼtiborga molik. Shuningdek, 130 nafardan ziyod nevara-chevaralar ham onaxonning duolaridan bahramandlik baxtiga muyassar.
Xayriniso aya viloyat rahbarining tashrifidan koʻngli togʻday koʻtarilib: “Ilohim, yurtimizdan tinchlik-osoyishtalik, rizqu roʻzimizdan baraka arimasin! Bugun hammani tashvishga solib qoʻygan mana bu kassallikdan Oʻzi najot bersin. Ilohim, el-yurt deb halovatidan kechib yurgan Poshshoyimizning umri uzoq boʻlsin. Bizni yoʻqlab kelgan rahbarlarni ham Xudoyim aziz qilsin!“ deya duo qildi.