Hojatxona xizmat turiga kirmaydimi?
Sarlavhani o‘qib, endi aytilmagan mavzu shu edi, deyishga shoshilmang. To‘g‘ri, bu mavzuni ko‘tarish balki kulgilidir.
Sarlavhani o‘qib, endi aytilmagan mavzu shu edi, deyishga shoshilmang. To‘g‘ri, bu mavzuni ko‘tarish balki kulgilidir.
Jamiyatimizda bundan-da katta yechimini kutayotgan muammolar bisyor. Ammo katta ko‘ngilsizliklar ham kichik xatolardan boshlanadi.
Ovqatlanish joylariga borganda, ko‘pchiligimiz hojatxona pulli bo‘lsa, indamasdan 1000-2000 pul to‘laganmiz. Ha, albatta hech kim bu pulga tortishib o‘tirmaydi. Ammo aslida mantiqiy o‘ylab qaralsa, hojatxona xizmat turiga kiradi.
Bugun dunyoda iste’molchilarni jalb qilish, auditoriyani ushlab qolish maqsadida tovar egalari barcha qulay sharoitlarni iste’molchilarga yetkazib berayotganda, xaridorning cho‘ntagidagi chaqasigacha qoqib olishimiz kulgili emasmi?
Aytaylik, kamida yuz kishiga mo‘ljallangan kafeda, hojatxona pullik bo‘lsa, o‘rtacha kunlik tashrif buyuruvchilar soni besh yuzdan oshib ketadi.
Kafe restoranlarda barchamiz yaxshi bilamizki, foyda olish maqsadida ichimliklarning narxini ikki barobar ko‘tarib sotishadi. Endi foyda qilamiz, deb hojatxonani ham pullik qilish insofdanmi?
Bu mavzudagi muammo xayolimga hech qachon kelmasdi. Chet eldan kelgan sayyohlarga tarjimon bo‘lib, ularga “yurtimizda nimadir muammolarga duch kelsangiz, ayting”, demaganimcha.
8 kishidan tashkil topgan koreyalik sayyohlar bilan tarixiy shaharlarimiz Buxoro, Samarqand, Xiva shaharlarida bo‘ldik. Ularga yurtimizning tarixi, madaniyati haqida gapirar ekanman, ularning yuzlarida mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishning ortishini kuzatdim. Ammo bu boshqa mavzu.
Kim Leesuel, sayyoh: – Bilasizmi, O‘zbekiston men uchun hali o‘qilmagan kitob edi. To‘g‘ri, Koreyada hamkasblarim ichida o‘zbeklar ham bor. Ularning samimiyligi, mehmondo‘stligi har doim hayron qoldirgan. Mana yurtingizni aylanib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, O‘zbekistonga mehrim ortdi. Shirin taomlari, tarixiy shaharlari, mehmondo‘st xalqi yoqdi. Ammo kamchiliklar ham yo‘q emas. Ayniqsa yo‘llarning notekisligidan juda qiynaldik. Shuningdek, meni hayratlantirgan jihat, bu yerda hojatxonalarga ham pul to‘lash kerak ekan. To‘g‘ri, hammasida emas, ammo ko‘p yerda pul to‘ladik. Bu yaxshi emas. Chunki ovqatini sotib olgandan keyin, hojatxona tekin bo‘lishi kerak.
Hee Yuen Son: – Leesuelni gaplariga qo‘shilaman. Hojatxona pullik bo‘lmaydi-ku. Pul to‘ladik, ammo sifati yaxshi emas. Men xaridorman, menga barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lishi kerak. Koreyada restoranim bor. Biz mijozni restoranimizga yana kelishi uchun, unga qo‘shimcha sovg‘alar va aksiyalar taklif qilamiz. Agar ular xarid chekini saqlab qo‘ysa, biz besh marta tashrif buyurgan mijozimizga chegirmalar beramiz. Bugun jahon iqtisodiyotida barcha tadbirkorlar xaridorlarni mamnun harakat qilishadi. Agar siz yaxshi xizmat turini yaratib bersangiz, mijozlar hatto boshqa shaharlardan sizning restoraningiz uchun kelishadi.
Biz hammamiz kundalik hayotimizda iste’molchimiz. Iste’molchi sifatida haq-huquqlarimiz va majburiyatlarimiz ham bor. Bugungi kunda taraqqiyotga intilgan har bir davlat kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida qaramoqda.
Bu jarayon tabiiyki inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligini oshirish, jamiyatda manfaatdor muvozanatini ta’minlashda muhim o‘rin tutuvchi omildir. Qancha fuqarolarga imkoniyat yaratib berishga harakat qilmaylik, ammo hali ham ular katta muammo va to‘siqlardan tashqari, kundalik hayotida “vazni kamroq” muammolar oldida ojizligicha qolmoqda. Xo‘sh, yuqoridagi muammolar biz uchun qaysi toifadagi muammolar sirasiga kiradi?!
Xulosa sizdan...
Qahramon Shermatov
Iste’molchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bosh mutaxassisi