Hisob palatasiga yangi vakolatlar berilyapti
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar dastlab «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildi.
– Qonun loyihasiga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishning aniq qonuniy mexanizmi, unda davlat nazorati amalga oshirilishi belgilanyapti, – deydi deputat Zafar Xudoyberdiyev. – Davlat xizmatchilarining bevosita rahbarlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari yuzaga kelganda tegishli choralar ko‘rishda qonun ustuvorligi, davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir qilinishining oldi olinishi kabi masalalar qamrab olinmoqda. Fraksiyamiz a’zolari bilan mazkur qonun loyihasini obdon muhokama qilib, o‘z taklif va e’tirozlarimizni bildirdik.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ko‘pchilik ovozi bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Shundan keyin yig‘ilishda «O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Qonun loyihasida Hisob palatasining davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik hamda byudjet tashkilotlarida mol-mulkni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilganlik uchun bayonnomalar rasmiylashtirish huquqini belgilash nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Hisob palatasi tomonidan taftish, tekshirish va o‘rganishlarni amalga oshirish tartibi nazarda tutilib, ularning farqli tomonlari aks ettirilmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
M.Komilova, O‘zA