O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va 30 dan ortiq vazirlik va idoralar, xalqaro ekspertlar ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan idoralararo seminar o‘tkazildi.
Unda moliyaviy boshqaruvni raqamlashtirish hamda korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish sohasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Hisob palatasida korrupsiyaga qarshi intizomni mustahkamlash, me’yoriy - huquqiy bazani takomillashtirish, turli talon-torojliklar va ular bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olish bo‘yicha salmoqli profilaktik ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.

Hisob palatasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, “O‘zbekneftegaz” AJ mas’ul vakillari hamda xalqaro ekspertlar tomonidan o‘z yo‘nalishlarida IT-dasturlar orqali korrupsiyaning oldini olish masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi tomonidan davlat tashkilotlari, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash yuzasidan ilg‘or tajribalar haqida so‘z yuritildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi mas’ullari “Raqamli hukumat” doirasida davlat organlarini raqamli transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari haqida fikr bildirdi.
Seminar davomida, shuningdek, xorijiy auditorlar tomonidan komplayens tizimini raqamlashtirishda ilg‘or xalqaro amaliyotlar bo‘yicha master-klass o‘tkazildi.
Tadbir yakunida yig‘ilish ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar olib, o‘z taklif va mulohazalarini bayon qildi.
Tashkilotlar vakillari va xalqaro ekspertlar tomonidan shu kabi idoralararo tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazilishi yuzasidan takliflar bildirildi.
O‘zA