Hindistonning raqamli to‘lovlar tajribasi
Arab dengizi sohilida joylashgan Mumbay — Hindistonning yirik iqtisodiy va moliyaviy markazlaridan biri. Mamlakatning yetakchi banklari, moliyaviy muassasalari, sug‘urta kompaniyalari, yirik korporatsiyalari va birja infratuzilmasi faoliyat yuritadigan shahar bugun zamonaviy texnologiyalar va raqamli xizmatlar rivoji bilan ham ajralib turadi.
Shaharga tashrif buyurgan bir qator davlatlar jurnalistlari Hindistonning zamonaviy moliyaviy infratuzilmasiga ham e’tibor qaratdi. Jurnalistlar tashrif buyurgan muhim tashkilotlardan biri Hindiston Milliy to‘lovlar korporatsiyasi — National Payments Corporation of India (NPCI) bo‘ldi.
Tashrif davomida jurnalistlarga tashkilotning Hindiston elektron to‘lovlar va hisob-kitoblar tizimidagi o‘rni, asosiy faoliyat yo‘nalishlari va mamlakatda keng qo‘llanilayotgan raqamli to‘lov xizmatlari haqida ma’lumot berildi.
Milliy to‘lov tizimi
NPCI Hindiston zaxira banki va Hindiston banklari assotsiatsiyasi tashabbusi bilan 2008-yilda tashkil etilgan. Tashkilotning asosiy vazifasi — mamlakatda chakana to‘lovlar va hisob-kitoblar uchun samarali infratuzilmani shakllantirish va rivojlantirish.

Bugun NPCI UPI — Yagona to‘lov interfeysi, RuPay milliy karta tizimi, IMPS — tezkor banklararo to‘lovlar tizimi, NACH va boshqa to‘lov xizmatlarini rivojlantirish va ularning infratuzilmasini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Ular orasida UPI alohida ahamiyatga ega. 2016-yilda ishga tushirilgan mazkur tizim bank hisobvaraqlari o‘rtasida tezkor elektron hisob-kitoblarni amalga oshirish, QR-kod orqali tovar va xizmatlar uchun haq to‘lash imkonini beradi.
Tashkilot rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, UPI tizimidan bugun 500 milliondan ortiq foydalanuvchi foydalanmoqda. Faol savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlari soni 65 milliondan, UPI QR-kodlari tarmog‘i esa 803 milliondan oshgan. Tizimda qariyb 752 ta bank ishtirok etadi, foydalanilayotgan ilovalar soni 90 dan ziyod.

2026-yil avgust oyida UPI orqali qariyb 24,5 milliardga yaqin moliyaviy operatsiya amalga oshirilib, ularning qiymati 315 milliard AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan.
Tizimning kundalik faoliyati ham katta ko‘lamga ega. Taqdimotda UPI orqali kuniga qariyb 1 milliard operatsiya va 10 milliardga yaqin API so‘rovi qayta ishlanishi qayd etilgan. Bu Hindistonda raqamli to‘lovlar uchun yaratilgan infratuzilmaning naqadar keng qamrovli ekanini ko‘rsatadi.
Yagona tizim — ko‘plab to‘lov xizmatlari
Jurnalistlarga NPCI faqat UPI bilan cheklanmasligi ham tushuntirildi. Tashkilotning milliy to‘lov infratuzilmasi UPIdan tashqari RuPay, IMPS, NETC, AePS, NACH, CTS va NFS kabi tizimlarni ham qamrab oladi.

Masalan, RuPay orqali 1,3 mingdan ziyod bank karta chiqaradi, muomaladagi RuPay kartalari soni 800 milliondan oshgan. NETC tizimi esa 126 milliondan ziyod transport vositasini qamrab oladi. AePS tizimi orqali esa bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati kengaytirilib, 100 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, NACH orqali ommaviy hisob-kitoblar va muntazam to‘lovlar amalga oshiriladi. CTS elektron cheklarni qayta ishlashga, NFS esa bankomatlar tarmog‘i o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ochiq va o‘zaro mos to‘lov tizimi
Taqdimotda UPIning yana bir muhim xususiyati — turli banklar, mobil ilovalar, elektron hamyonlar va to‘lov xizmatlari o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlik ekani ko‘rsatildi. Tizim bank hisobvarag‘i, elektron hamyon, mobil pul va ayrim kredit vositalaridan to‘lov manbasi sifatida foydalanish, turli ilovalar orqali hisob-kitob qilish imkonini beradi.
Shu tariqa, foydalanuvchi qaysi bank yoki ilovadan foydalanishidan qat’i nazar, yagona to‘lov infratuzilmasi orqali turli xizmatlar uchun hisob-kitob qilishi mumkin.
Taqdimotda xavfsizlik masalasiga ham alohida urg‘u berildi. UPI arxitekturasi PCI-DSS va ISO 27001 talablariga muvofiq ekani, tizim ishtirokchilari o‘rtasidagi xabarlarni raqamli imzolash mexanizmlaridan foydalanilishi qayd etildi.
Hindistonning to‘lov infratuzilmasini boshqa mamlakatlarda ham joriy etish va turli milliy to‘lov tizimlari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash yo‘nalishida ishlar olib borilmoqda.
Xususan, UPI asosidagi xalqaro hisob-kitoblar tizimi bosqichma-bosqich kengaymoqda. NPCI ma’lumotiga ko‘ra, UPI Global Acceptance xizmati orqali Hindiston bank hisobvaraqlaridan xorijdagi ayrim savdo nuqtalarida QR-kod asosida to‘lov qilish mumkin. Bu jarayon Hindistonda shakllangan raqamli to‘lov infratuzilmasining xalqaro iqtisodiy aloqalardagi ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugun mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, transchegaraviy to‘lovlarni takomillashtirish masalalariga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Hindistonning UPI kabi milliy raqamli to‘lov tizimlarini rivojlantirish tajribasi muhim ahamiyat kasb etadi. Tezkor va qulay elektron hisob-kitoblarni ta’minlash zamonaviy savdo va investitsiya aloqalarining muhim shartlaridan biriga aylanmoqda.
Jurnalistlarning NPCI faoliyati bilan tanishishi ham ana shu jarayonlarning amaliy jihatlarini ko‘rish imkonini berdi. OAV vakillari tashkilotning bugungi faoliyati, iqtisodiy ahamiyati yuzasidan savollar bilan murojaat qildi. Mutasaddilar jurnalistlarning savollariga batafsil javob berdi.
Nurillo NASRIEV,
O‘zA muxbiri
Mumbay, Hindiston