Hindistonlik talabalar tibbiy ta’limi uchun O‘zbekiston ommalashib bormoqda
2026-yilgi o‘quv yiliga qabul jarayoni avj olayotgan bir paytda, O‘zbekiston chet elda tibbiy ta’lim olmoqchi bo‘lgan hindistonlik talabalar uchun eng maqbul yo‘nalishlardan biriga jadal aylanmoqda.
Hozirda mamlakatimizdagi tibbiyot oliygohlarida taxminan 16 000 nafar hindistonlik talaba tahsil olmoqda. Ta’limning hamyonbopligi, akademik standartlarning yaxshilanayotgani va me’yoriy-huquqiy muvofiqlikning ortib borayotgani talabalarning O‘zbekistonni tanlashlariga sabab bo‘lyapti.
O‘zbekiston va Hindiston mutasaddi idoralarining birgalikdagi sa’y-harakatlari bo‘lajak talabalar va ota-onalarning ishonchini yanada mustahkamladi.
Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi Hindiston Milliy Tibbiyot Komissiyasi (NMC) tomonidan 2021-yilda qabul qilingan “Xorijiy tibbiyot bitiruvchilarining litsenziyalash qoidalari”ga (FMGL) muvofiqlikni ta’minlash uchun O‘zbekiston vazirliklari va tibbiyot universitetlari bilan faol hamkorlik qilayotganini tasdiqladi.
Rasmiy axborotda Elchixona NMC tomonidan 2026-yil 1-aprelda e’lon qilingan Ogohlantirish xati cheklov emas, balki tavsiyaviy xususiyatga ega ekanini tushuntirdi. Ushbu xatda talabalardan o‘qishga kirishdan oldin xorijiy tibbiyot muassasalarining FMGL talablariga muvofiqligini tekshirish so‘ralgan va faqat tasdiqlangan hamda rasmiy axborot manbalariga tayanish muhimligi ta’kidlangan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, Hindiston va O‘zbekiston mas’ullari o‘rtasidagi davom etayotgan muzokaralar ingliz tilidagi ta’limni mustahkamlash, klinik amaliyot sifati va davomiyligini oshirish hamda internatura tuzilmasini Hindiston normativ talablariga moslashtirishga qaratilgan. Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekistonda olingan tibbiy diplomlarning global miqyosda tan olinishini oshirishi va Hindistonda o‘tkaziladigan litsenziyalash imtihonlarida bitiruvchilarning natijalarini yaxshilashi kutilmoqda.
Qabul jarayonini soddalashtirish va aniqlik kiritish maqsadida Elchixona hindistonlik abituriyentlar uchun batafsil tavsiyalarni ham e’lon qildi. Ushbu tavsiyalar tan olingan universitetlar, qabul tartiblari, moslik me’yorlari va me’yoriy qoidalar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olib, talabalarga qaror qabul qilishda aniq ko‘rsatma beradi. Hindistonlik talabalarni qabul qilayotgan yetakchi oliygohlar qatoriga Andijon davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Toshkent davlat tibbiyot universiteti va uning Termiz filiali, Toshkent farmatsevtika instituti, Urganch davlat tibbiyot instituti, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti hamda Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti kiradi. Ushbu davlat universitetlari nisbatan arzon kontrakti, ingliz tilidagi dasturlarning kengayayotgani va klinik tayyorgarlik infratuzilmasining rivojlanayotgani bilan hindistonlik talabalarni jalb qilmoqda.
Akademik natijalar ham O‘zbekistonning jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda. 2025-yil dekabr oyida o‘tkazilgan Xorijiy tibbiyot bitiruvchilari imtihoni (FMGE) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi oliygohlar bitiruvchilari taxminan 42 foizlik ko‘rsatkich bilan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan. Bu xorijda tibbiy ta’lim beradigan asosiy davlatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Ta’lim ekspertlari buni o‘qitish sifatining yaxshilanayotgani, klinik tayyorgarlik va institutsional standartlarning mustahkamlanayotgani ko‘rsatkichi sifatida baholamoqda.
Shu bilan birga, me’yoriy-huquqiy masalalar ham muhokamalarning bir qismi bo‘lib qolmoqda. Yaqinda bir guruh hindistonlik talabalar Haryana tibbiyot kengashiga xorijiy tibbiy ta’limga oid tavsiyanoma bo‘yicha tushuntirish so‘rab murojaat qilishdi. Talabalar tartibga soluvchi organlar va manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi muloqot hozirda chet elda tahsil olayotganlar va bo‘lajak abituriyentlar uchun aniqlik kiritishiga umid bildirmoqda.
O‘zbekistonga ortayotgan qiziqishni Hindiston tibbiy ta’lim tizimidagi tarkibiy muammolar nuqtai nazaridan ham ko‘rib chiqish kerak. Tibbiyot yo‘nalishidagi oliygoh o‘rinlariga bo‘lgan talab taklifdan ancha yuqori bo‘lib, qabul jarayonini o‘ta raqobatli qiladi. Hatto Milliy kirish imtihonida (NEET) yuqori ball to‘plagan talabalar ham ko‘pincha davlat kollejlaridan joy ololmaydi.
Hindistonda tibbiy ta’lim olish uchun joylar soni cheklanganidan tashqari, o‘qish narxining qimmatligi ham talabalarning chet elga ketishiga jiddiy sabab bo‘lmoqda. Davlat tibbiyot kollejlarida o‘qish nisbatan arzon bo‘lsada, ulardagi joylar soni juda cheklangan. Xususiy va o‘zini-o‘zi moliyalashtiradigan ta’lim muassasalarida, ayniqsa ochiq yoki boshqaruv kvotalari asosida o‘qish uchun yillik to‘lovlar 10 lakh rupiydan (taxminan 12 000 AQSH dollari) oshib ketadi. Bu esa ko‘plab o‘rta sinf oilalari uchun o‘ta qimmatlik qiladi.
Taqqoslash uchun, Markaziy Osiyo mamlakatlarida, jumladan O‘zbekistonda butun o‘qish davri uchun tibbiy ta’limning umumiy qiymati odatda 15 lakhdan 20 lakh rupiygacha (taxminan 18 000 – 24 000 dollar) boradi. Bu esa ko‘pchilik talabalarga juda maqbul muqobil variantdir. Ushbu moliyaviy ustunlik va qabul jarayonlarining osonligi tibbiy ta’lim olish uchun xorijga ketayotganlar oqimining muntazam ravishda o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Ekspertlarning fikricha, mazkur tendensiya zaruriyat va yangi imkoniyatlar uyg‘unligi tufayli yuzaga kelmoqda. Ba’zi talabalar uchun o‘z mamlakatida o‘qishga kira olmaganidan keyin chet elda tahsil olish yagona chora bo‘lib qolmoqda. Boshqalari esa Hindistondagi xususiy tibbiyot kollejlarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lsada, xarajatlar kamligi va ta’lim dasturlarining o‘xshashligi sababli xorijiy oliygohlarni afzal ko‘rishmoqda.
Mazkur jarayonni qo‘llab-quvvatlovchi ekotizim ham sezilarli darajada rivojlandi. Markaziy Osiyodagi ko‘plab universitetlar Hindiston bo‘ylab faoliyat yuritayotgan rekruting (talabalarni jalb qilish) agentliklari va ta’lim bo‘yicha maslahatchilar bilan sheriklik aloqalarini o‘rnatgan. Ushbu agentliklar talabalarga o‘qishga kirish, turar-joy topish va logistika masalalarida yordam beradi. Bundan tashqari, ba’zi xorijiy oliygohlar darslarni ingliz tilida sifatli tashkil etish va akademik muhitni talabalarga yaqinlashtirish maqsadida hindistonlik o‘qituvchi va professorlarni ishga faol jalb qilmoqda.
Uydan uzoqda tahsil olishning ruhiy va ijtimoiy qiyinchiliklari, shuningdek, tibbiy litsenziya olish va keyinchalik ish faoliyatini boshlash bilan bog‘liq noaniqliklar borasida xavotirlar mavjud bo‘lsa-da, ta’lim sohasi tahlilchilari ushbu tendensiya Hindiston tibbiy ta’lim tizimidagi chuqurroq tizimli muammolardan dalolat berishini ta’kidlamoqdalar. Hindistonda, ayniqsa qishloq joylarda hamon shifokorlar tanqisligi kuzatilayotgan bir paytda, global ta’lim yo‘nalishlarining kengayishi uzoq muddatli istiqbolda ushbu bo‘shliqni to‘ldirishga yordam berishi mumkin. Markaziy Osiyoning bir qator mamlakatlari, ayniqsa, O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash sohasi ko‘rsatkichlari ushbu mintaqadagi tibbiy ta’lim tizimi jahon standartlaridan aslo orqada emasligini ko‘rsatmoqda. Tarixan bu davlatlarda sog‘liqni saqlash tizimi hamma uchun ochiq bo‘lgan va bugungi kunda mahalliy oliygohlar xorijlik talabalarni qabul qilish orqali o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish va qo‘shimcha daromad olish ustida ishlamoqda.
2026-yilgi qabul mavsumi davom etayotgan bir paytda, O‘zbekistonning ushbu sohadagi mavqei tobora ortib borayotgani hindistonlik talabalarning tibbiy ta’limga bo‘lgan yondashuvida jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotganidan dalolat beradi. Tizimli tartibga solish bo‘yicha hamkorlik, akademik islohotlar va oliygohlararo sheriklikning davom etishi tufayli O‘zbekiston Hindiston chegaralaridan tashqarida sifatli ta’lim olmoqchi bo‘lgan bo‘lajak shifokorlar uchun eng jozibador davlatlardan biri bo‘lib qolishi kutilmoqda.
O‘zA