Hindistonga ilk bor ilmiy ekspeditsiya tashkil etiladi
Bugun Samarqandda «Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori» VIII xalqaro kongress o‘z ishini yakunlaydi.
Hindistonning Ibn Sino nomidagi O‘rta asr tibbiyoti va fanlari akademiyasi direktori, professor Sayid Zillur Rahman ushbu nufuzli tadbir haqida O‘zA muxbiriga o‘z taassurotlarini so‘zlab berdi.
– Men 50 yil mobaynida Ibn Sino, Movarounnahr, O‘rta Osiyo va Arab mamlakatlaridan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosini o‘rganganman. O‘tgan asrning 70 yillarida Ibn Sino majlisini ham tashkil etganman. Bugungi kunda men Ibn Sino merosi va tarixiga oid tadqiqotlar olib boryapman. Akademiya qoshida muzey ham faoliyat ko‘rsatadi. Bu yerda juda noyob qo‘lyozmalar jamlangan.

Bundan tashqari, akademiya qoshidagi kutubxonada butun dunyoga doir 37 mingdan ziyod kitob mavjud. Unda O‘zbekistonga oid kitoblarni ko‘rish mumkin. Shuningdek, akademiyada o‘zbek tilidagi kitoblar asosida O‘zbekiston burchagi ham tashkil etilgan.
Quvonarlisi, bugun men Samarqandda o‘tkazilgan VIII xalqaro kongressda ishtirok etdim va ma’ruzam bilan qatnashdim. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hamda O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyatiga o‘z tashakkurimni bildiraman.
Joriy yilning oktyabr oyida tashkil etiladigan «Uchinchi xalqaro xalq tabobati» anjumanida qatnashaman. Unda Ibn Sino akademiyasi va Ibn Sino jamoat fondi o‘rtasida bitim imzolanadi.
Bugun kongressda ushbu kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, Hindistonga ilk bor ilmiy ekspeditsiya tashkil etiladi. Unda Ibn Sino jamoat fondi, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti mutaxassislari qatnashadi. Unga asosan hamkorlikda akademiyamiz kutubxonasida saqlanayotgan Ibn Sino merosini o‘rganish ko‘zda tutiladi, – dedi Sayid Zillur Rahman.
Ma’lumot o‘rnida, professor Sayid Zillur Rahman Hindistondagi Ibn Sino akademiyasining direktori bo‘lishi barobarida, Unani tabobati bo‘yicha ham yirik hind olimi sanaladi. U 2000 yilda Ibn Sino nomidagi O‘rta asr tibbiyoti va fanlari akademiyasiga asos solgan.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.