Hindistonda koronavirus xuruji pasaymayapti
Hindistonda koronavirusga chalingan bemorlar va o‘lim holatlari rekord darajaga yetgani sababli mamlakatda kuchli lokdaun harakati boshlangan.
Mamlakatda hozirgacha 22 million 660 mingdan ziyod kishi virusga chalingan, 246 mingdan ortiq bemor vafot etgan. Ekspertlar infeksiyani yuqtirib olganlar aslida bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirmoqda.
Hindistonda so‘nggi bir oy ichida ko‘plab shtatlarda qattiq karantin joriy qilindi. Barcha kinoteatrlar, restoranlar, bar va savdo markazlari yopildi.
Uttaraxand shtati shimolida o‘tkazilgan ommaviy diniy marosimlar virus tarqalishiga sabab bo‘lgan, deya seshanbadan 18 maygacha ushbu shtatda komendantlik soati joriy qilindi.
Hukumatning ma’lum qilishicha, meva-sabzavot va sut mahsulotlari sotadigan do‘konlar faqat ertalab bir necha soat ishlaydi. Savdo markazlari, sport zallar, teatrlar, barlar faoliyati to‘xtatiladi.
Eslatib o‘tamiz, Hindistonda 34 million 300 mingdan ortiq fuqaro virusga qarshi vaksina olgan.