Hindiston shimolidagi Himachal-Pradesh shtatida kuchli ko‘chki sodir bo‘lib, ulkan tuproq uyumi avtobus ustiga tushishi oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy hokimiyat ma’lum qilgan.
Yo‘lovchi mashinasi Bilaspur tumani yaqinidagi tepalikdan o‘tayotgan edi. Ko‘chkini bir necha kun davom etgan kuchli yomg‘ir keltirib chiqargani aytilyapti. Avtobusda taxminan 20-25 kishi bo‘lgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar to‘qqiz erkak, to‘rt ayol va ikki bola.
Yuqori mansabdor shaxs Sukxvinder Singx Sukxu idorasi bayonotida jarohatlangan uch nafar bolakay qutqarilib, mahalliy shifoxonaga yetkazilgani qayd etilgan. Qolgan yo‘lovchilarni topish maqsadida qutqaruv ishlari davom ettirilyapti.
Voqea joyida olingan video lavhada qutqaruvchilar og‘ir texnika yordamida tepalikni tuproqdan tozalayotgani, ayrimlar loyga botgan narsalarni olib chiqayotgani aks etgan.
Dushanbadan beri mintaqada kuzatilayotgan davomli yog‘ingarchilik mo‘rt tog‘ yon-bag‘rini beqaror qilib qo‘ygan.
Mamlakat Prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vazir Narendra Modi yer ko‘chkisi munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
M.Pirmatova, O‘zA