“Hindiston – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va “Hindiston – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha onlayn uchrashuv o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi R.Qurbonov, O‘zbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi D.Ahatov, Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi konsuli Sipre Gosh va “Hindiston – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi Anil Kumar Shastri ishtirok etdilar.

Onlayn uchrashuv davomida qo‘mita raisi R.Qurbonov ishtirokchilarga qo‘mitaning maqsad va vazifalari hamda faoliyati haqida so‘zlab berdi.
bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona oila bo‘lib hamjihatlikda yashab kelayotir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning puxta o‘ylangan siyosati tufayli yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik hukm surayotganligi xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda.
Investitsiyalar, innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda muhim loyiha va dasturlar amalga oshirilayotganligi Toshkent va Andijon shaharlarida Hindistonning yetakchi Amiti va Sharda universitetlari filiallari ochilganligi, 24-son ixtisoslashtirilgan maktabda hind tili o‘qitilayotgani ikki davlat hamkorligi tobora mustahkamlanayotganini ifodalaydi.
Onlayn uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi D.Ahatov O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan oxirgi yillarda o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasidagi aloqalar izchil ravnaq topayotganini ta’kidladi. Mamlakatlarimiz jamoatchiligining bunday faol muloqoti xalq diplomatiyasining rivojlanishiga va do‘stlik aloqalarining mustahkamlanishiga olib kelishi ta’kidlandi.
Sipre Gosh O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda eng barqaror rivojlanayotgan, ulkan iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatga ega hamkor davlat sifatida ko‘rishini, keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalar, jumladan, madaniyat, san’at yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalari yanada rivojlanayotganini, bunda ikki mamlakatlar o‘rtasidagi xalq diplomatiyasiga asoslangan aloqalar muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.

“Hindiston – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyatining raisi Anil Kumar Shastri “Hindiston – O‘zbekiston” jamiyatining maqsad va vazifalari, faoliyati, uning tadbir va loyihalari haqida ma’lumot berdi.
Qo‘mita bilan hamkorlikda kelajakda samarali ishlar olib borish xususida fikrlar bildirildi.
Uchrashuv yakunida qo‘mita va “Hindiston – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.