Hindiston – Markaziy Osiyo hamkorligi haqida...
Munosabat
bugungi kunda xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli, konstruktiv, ochiq hamkorlik olib borish tashqi siyosatimizning muhim jihatiga aylandi va bu borada, allaqachon, yaxshigina tajriba ham to‘plandi. Ayni jarayonda Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash har ikki tomon tashqi siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biridir.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi tashabbusi bilan tashkil etilgan, joriy yil 27 yanvar kuni videoanjuman shaklida o‘tgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” sammiti tomonlar hamkorligini yangi bosqichga olib chiqdi, deb baholash mumkin. Oliy darajadagi uchrashuv kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari ko‘p tomonlama munosabatni yanada kengaytirish, mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish hamda taraqqiyotni ta’minlashga e’tibor qaratdilar.
Videoanjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirok etdi. Sammit yakunida Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim masalalarga doir umumiy yondashuvlar bayon qilingan “Dehli deklaratsiyasi” qabul qilindi.
XXI asr boshidan global va mintaqaviy darajadagi siyosiy munosabat jadallik bilan rivojlanish bosqichiga chiqdi. Har bir davlat ushbu jarayonda o‘z milliy manfaati asosida faol ishtirok etishga harakat qilmoqda. Shu ma’noda jahonning yirik mamlakatlari sirasiga kiruvchi Hindiston ham o‘z tashqi siyosatini har tomonlama kengaytirish va faollashtirishga intilishi tabiiy. Bu yurt tashqi siyosatida Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi hudud maqomiga ega Markaziy Osiyo muhim o‘rin tutadi. Zero, Hindiston yangi geosiyosiy vaziyatda mintaqamiz davlatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdor.
So‘nggi paytda Hindiston tashqi siyosiy yo‘nalishlarni ishlab chiqishda Markaziy Osiyoga alohida urg‘u bermoqda. Hind tahlilchilari fikricha, bu holat ayni hudud boy uglevodorod zaxiralariga, shu bilan birga ta’lim va madaniyat sohalaridan tortib, to yuqori texnologiyalar va amaliy savdo-iqtisodiy munosabatni kengaytirish bo‘yicha ulkan salohiyatga ega ekani bilan ifodalanadi. Shu bois Hindistonda Markaziy Osiyo bilan savdo-iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni rivojlantirish, transport koridorini kengaytirishga qiziqish kuchli.
Shuningdek, Hindiston mintaqa davlatlari bilan qator masalalar yuzasidan, jumladan, mintaqaviy xavfsizlik, Afg‘onistondagi holatni barqarorlashtirish, diniy ekstremizm, terrorizm va og‘ufurushlik biznesiga qarshi kurashish kabi sohalarda yaqin aloqa o‘rnatishga intilishini ko‘rish mumkin.
Anjuman kun tartibi masalalari orasida Afg‘onistondagi bugungi vaziyat ham muhokama markazida bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu davlatda tinchlik o‘rnatish, gumanitar inqirozning oldini olish, iqtisodiy va infrastrukturaviy loyihalarni amalga oshirish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Dehli Markaziy Osiyoni nafaqat strategik mintaqa, balki Hindistonning azaliy qo‘shnisi sifatida ham ko‘rmoqda.
Ushbu sammit 2019 yil ilk bor Samarqandda tashqi ishlar vazirlari darajasida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo – Hindiston” sammiti oliy darajaga ko‘tarilganini anglatadi.
Tadbir doirasida davlat rahbarlari mintaqa mamlakatlari va Hindiston o‘rtasidagi aloqani yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbolini muhokama qildilar. Davlatimiz rahbari ushbu uchrashuvning strategik sheriklik hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga mo‘ljallangan yangi kun tartibini shakllantirish lozimligini ta’kidladi.
Kelgusida munosabatni yanada yaxshilash maqsadida “Hindiston – Markaziy Osiyo” sammitini har ikki yilda o‘tkazish, shuningdek, tashqi ishlar, savdo, madaniyat vazirliklari va xavfsizlik kengashi kotiblarining doimiy uchrashuvlarini uyushtirish, hamkorlikni kengaytirish uchun poytaxt Nyu-Dehlida Hindiston – Markaziy Osiyo kotibiyati tashkil etishga kelishildi.
Qabul qilingan deklaratsiyada savdoni rivojlantirish, o‘zaro tovar ayriboshlash ko‘lamini kengaytirish, mudofaa va xavfsizlik sohasida hamkorlikni, madaniyat haftaliklari tashkil etish orqali xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtasini yanada mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli bitimlar imzolandi.
Energetika sohasida keyingi o‘ttiz yillik istiqboldagi hamkorlik ko‘lamini belgilab olishga yo‘naltirilgan yo‘l xaritasi tuzilishi, Afg‘oniston va Chobahor portidan foydalanish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh shakllantirishga oid kelishuvga erishilishi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yuqori darajadagi anjumanda muhokama qilingan Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari tilidagi mavjud umumiy so‘zlardan iborat lug‘at yaratish, har yili mintaqadan yuz nafar yosh tadqiqotchining Hindistonga tashrifini tashkil etish, Markaziy Osiyo diplomatlari uchun yirik hind shaharlarida maxsus kurslar o‘tkazishga doir kelishuvlar madaniy va ilmiy hamkorlik rivojida yangi imkoniyat ochishi aniq.
Ma’lumki, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarida Hind kinosi haftaligi va Hind madaniyati festivalini o‘tkazish taklifi bildirildi.
Umuman, mazkur sammit kabi yuqori darajada tashkil qilinayotgan har qanday maslahatlashuv, uchrashuvlar davlat rahbarlari Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi keng qamrovli, mustahkam sheriklikka alohida ahamiyat berayotganidan dalolat.
Hilola Mustapova,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
katta o‘qituvchisi