Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekistonda yoganing rivojlanishi bilan tanishdi
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi 30-avgust kuni mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston yoga federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan maxsus tadbirga tashrif buyurdi.
Yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston Yoga federatsiyasi raisi J. Ortiqxo‘jayev kutib oldi. Hindiston hukumati rahbari tashrifi munosabati bilan majmua mediaekranida O‘zbekiston sport jamoatchiligi nomidan rasmiy tabrik namoyish etildi.
Tashrif davomida Bosh vazir va unga hamrohlik qilgan rasmiylar yoga bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik ustalar chiqishini kuzatdi. Dastur O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida ushbu qadimiy san’at tobora ommalashayotgani va rivojlanish darajasi yuqori ekanini yaqqol namoyon etdi.
Mehmonga Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, 2026-yil iyun oyida Ahmadobod shahrida bo‘lib o‘tgan I Jahon yogasana chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining muvaffaqiyatli ishtiroki haqida videomateriallar namoyish etildi.
[gallery-31168]
Tadbir yakunida Hindiston Bosh vaziri va O‘zbekiston yoga federatsiyasi rahbariyati esdalik uchun rasmga tushdi.
Dilshod HAKIMOV, Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA