Hindiston bosh vaziri Narendra Damodardas Modi
Hindiston bosh vaziri Narendra Damodardas Modi 1950-yilning 17-sentyabr kuni Gudjarat shtatining Vadnagar shahrida choy savdosi bilan shugʻullanuvchi oilada tugʻilgan
Hindiston bosh vaziri Narendra Damodardas Modi 1950-yilning 17-sentyabr kuni Gudjarat shtatining Vadnagar shahrida choy savdosi bilan shugʻullanuvchi oilada tugʻilgan. Oiladagi toʻrt farzandning uchinchisidir. Qashshoq oilada tugʻilib, vokzalda choy sotgani bois Modini “xarobadan chiqqan millioner” deb atash mumkin.
1970-1980-yillarda Dehli va Gudjarat universitetlarida tahsil olib, siyosatshunoslik boʻyicha magistr unvoniga ega.
Yoshligida hind milliy vatanparvarlarining Milliy Koʻngillilar Ittifoqi tashkilotining faoli boʻlgan. 1967-yilda Gudjarat shtatida yuz bergan suv toshqinlarining talafotlarini tugatish ishlarida qatnashgan. 1980-yillarda Gujaratdagi Umumhindiston Talabalar Kengashining aʼzosi boʻlgan. 1987 yilda Hindiston Xalq partiyasi (“Bxaratiya Janata parti“, Bharatiya Janata Party) aʼzoligiga qabul qilindi. Oradan koʻp oʻtmay, partiyaning shtatdagi faollaridan biriga aylandi. 1995-yilda Dehliga chaqirilib, partiyaning milliy kotibi lavozimiga tasdiqlandi. 1998-2001 yillarda partiya Bosh kotibi lavozimida ishladi.
2001-yilning 7-oktyabridan 2014-yilning 20-mayiga qadar Gudjarat shtatining rahbari (Birinchi vaziri) lavozimida faoliyat yuritdi.
2005-yilda uning AQSHga kirishi taqiqlandi. Bu taqiq bosh vazir boʻlganidan soʻng bekor qilindi. 2009-yilda u 2002-yilgi millatlararo mojarolarni keltirib chiqarganlikda ayblanib, sudga tortildi. Ammo Oliy sud tomonidan tashkil etilgan maxsus komissiya mojarolarda uning aybi yoʻqligini isbotladi.
Gudjarat shtati rahbari sifatida Narendra Modi keng qamrovli iqtisodiy islohotlar olib bordi. Bu oʻz navbatida Gudjaratga sarmoyalar oqib kelishiga sabab boʻldi. 2006-yilda “India Today”jurnali Modini Hindistondagi eng yaxshi Shtat Birinchi vaziri deya tan oldi.
2013-yilning iyun oyida Modi Hindiston parlamentining quyi palatasi – Lok sabxuga boʻlib oʻtgan saylov kompaniyasi davomida partiya shtabiga rahbarlik qildi. Oʻsha yilning sentyabr oyida bosh vazirlikka nomzod sifatida koʻrsatildi. 2013-2014 yillarda olib borilgan saylov kompaniyasi “Millatparvarlik – bizning ragʻbatimiz. Taraqqiyot va yaxshi boshqaruv – bizning maqsadimiz” shiori ostida oʻtkazildi.
Oʻzining aytishicha, mamlakat boʻylab 440 ta uchrashuv oʻtkazgan. 2014-yilning 20-may kuni u partiyaning parlamentdagi fraksiyasi rahbari etib saylandi. Aynan oʻsha kuni Hindiston prezidenti uni bosh vazir lavozimiga tasdiqladi. 26 may kuni boʻlib oʻtgan qasamyod marosimida xorijiy mamlakatlar vakillari orasida Pokiston bosh vaziri Navaz Sharif, Afgʻoniston, Shri-Lanka, Maldiv prezidentlari ham bor edi. Shu kunga qadar Hindiston va Pokiston rahbarlari hech qachon hamkasblarining inauguratsiya marosimida ishtirok etmagan edi. U mamlakatdagi yirik biznes vakillari va xorijiy sarmoyadorlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
Narendra Modi hamisha aholining qashshoq qismi manfaatlarini himoya qilib keladi. U lavozimiga kirishar ekan, Hindistonni besh yil ichida chiqindilardan tozalashga vaʼda berdi. Uning aytishicha, 2019-yilda nishonlanadigan Maxatma Gandi tavalludining 150 yilligida mamlakatning barcha koʻchalari ozoda boʻlishi, har bir fuqaro toza ichimlik suvi bilan taʼminlanishi kerak.
Bosh vazir boshlagan Kampaniya “Swachh Bharat” — “Ozoda Hindiston” deb nomlanadi. Hukumat mamlakatni obod qilish yoʻlida 2 trillion rupiy ( 33 milliard dollar) sarflashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Uning siyosati infratuzilma va yoʻllarni rivojlantirishga qaratilgan.
Ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, Modi har kuni ertalab 04:30 uyqudan uygʻonadi va bir soat davomida yoga va meditatsiya bilan shugʻullanadi. Shundan soʻng ishga kirishadi. Ijtimoiy-siyosiy, diniy mavzulardagi 15 ta kitob muallifidir.
Uning gujarati tilida sheʼrlar yozishi va ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanishi aytiladi. U Ommaviy axborot vositalariga intervyu berishni va shaxsiy hayoti haqida gapirishni istamaydi. Modi 2014-yili “Time” jurnali tomonidan “Yil odami” deya tan olindi. Uning nomzodini besh million mushtariyning 16 foizi qoʻllab-quvvatladi. “Yil odami” uchun 50 nafar nomzod daʼvogarlik qilgani inobatga olinsa, bu katta raqam ekani oydinlashadi.