Hindiston adabiyoti” nomli monografiya yaratildi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida o‘quv ishlari bilan bir qatorda doimiy ravishda ilmiy faoliyat ham uzluksiz davom etadi.
Professor-o‘qituvchilar o‘z ilmiy ishlarini o‘quv jarayoni, universitet ilmiy tadqiqot yo‘nalishi bilan bog‘liq holda olib boradilar. Xususan, universitetda ko‘p yillardan beri bakalavriat yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi talabalariga Hindiston xalqlari adabiyotidan saboq berib kelayotgan dotsent Tamara Xodjayeva hamda professor Ulfat Muhibova yaqinda ko‘p yillik mehnat samarasi sifatida “Hindiston adabiyoti” nomli monografik asar yaratdi. Mazkur tadqiqot Hindiston elchixonasi moliyaviy ko‘magida kitob holida chop etildi.
Monografiya ko‘p tilli Hindiston xalqlari, xususan, hindi, urdu, bengal va panjob hamda janubiy telugu xalqlari adabiyoti rivojlanishi jarayoniga bag‘ishlangan. 35 bosma taboqdan iborat ushbu qo‘llanma mazmunida qadimiy Hindiston adabiy merosiga oid vedalardan boshlab, bugungi kungacha bo‘lgan, deyarli, qirq asrlik tarix bayon etilgan.
Kitob mualliflari Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalar rivojiga butun umri davomida hissa qo‘shib kelayotgan o‘z sohasining yetuk mutaxassislaridir. Masalan, filologiya fanlari nomzodi T.Xodjayeva ilmiy izlanishlarining yo‘nalishi, asosan, O‘zbekiston va Hindiston adabiy aloqalari tarixi bilan bog‘liq. Olima Hindistonga ko‘p bor safar qilib, muntazam ravishda turli manbalar bilan tanishib, bugungi kunda ikki davlat adabiy aloqalariga aloqador qadimdan to bugungi kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan monografiyani o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr ettirdi.
Universitetning Janubiy va Janubiy-sharqiy Osiyo tillari kafedrasi mudiri filologiya fanlari doktori U.Muhibovaning ilmiy tadqiqot yo‘nalishi esa Hindistonda Boburiylar davri adabiyotiga doir. Bu mutaxassis Hindistonga uyushtirilgan bir qancha ilmiy safarlar chog‘i tegishli davr adabiyotini o‘rganib, doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va “Boburiylar davri adabiyoti” nomli monografiya nashr ettirdi. 2007 yili Amerikada o‘tkazilgan Hindi tili bo‘yicha Xalqaro anjumanda Hindi tili va adabiyoti sohasidagi alohida xizmatlari uchun Hindiston hukumatining “Hindi tili targ‘iboti uchun” nomli mukofoti bilan taqdirlandi.
Ushbu monografiya o‘z mazmuniga ko‘ra ham ilmiy, ham o‘quv-uslubiy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bakalavriat yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi talabalari uchun Hindiston adabiyoti, eronshunoslar uchun Hindiston forsiy zabon adabiyoti bo‘yicha tasavvur hosil qilish hamda indonez va malay tillari talabalari uchun qadimiy Yava adabiyotini o‘rganishda zarur manba bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA