Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orol dengizining qurigan maydonlarida “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonlarini barpo etish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash, dengiz tubidan zararli tuz va chang ko‘tarilishining oldini olish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu ezgu ishlarda har yili respublika viloyatlaridan kelgan yordamchilar, O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Favqulodda vaziyatlar, obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari ishtirok etib, saksovul, cherkez, qandim kabi sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat “yashil qoplamalar” barpo etilmoqda. Saksovul ekish ishlarida uch avlod vakillari, deputatlar va mahalliy fuqarolar faollik ko‘rsatib, yurtimiz ekologiyasini yaxshilash yo‘lida o‘zlarining salmoqli hissasini qo‘shmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 18 yanvardagi “Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarini barpo etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2022-2026 yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish hajmlari belgilab berilgan.
[gallery-21835]
Jumladan, 2024 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat yetkazib berish maqsadida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 204 gektar maydonda ko‘chatxona tashkil qilindi. Natijada o‘tgan yillar mobaynida Orol dengizining qurigan maydonlarida “Yashil qoplamalar” yaratish maqsadida jami 1,8 million gektar maydonga saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklar ekildi.
O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shu jumladan, yangi o‘rmonzorlar barpo etish, ish o‘rinlarini tashkil etish, o‘rmonlardan qo‘shimcha foydalanishni rag‘batlantirish, o‘rmon fondi yerlari foydalanuvchilarini qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Mazkur qaror ijrosi doirasida 730,35 gektar o‘rmon fondi yeri foydalanishga kiritish maqsadida o‘zlashtirildi. Jismoniy va yuridik shaxslarga o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan 594 gektar yer maydoni ijaraga berildi. O‘tgan yilda 112 ming 502 gektar o‘rmonzor va butazor maydoni kengaytirildi. Shamol va suv eroziyasini oldin olish maqsadida 250 gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etish ishlari amalga oshirildi. Manzarali, mevali nihol va buta urug‘larini tayyorlash 375 tonnaga, ko‘chat yetishtirish 17,7 million, shu jumladan, tut ko‘chatini yetishtirish 3,6 million donaga bajarildi.
O‘rmonlardan qo‘shimcha foydalanish, xususiy sektor sub’ektlari bilan hamkorlikda chorvachilikni, parrandachilikni hamda asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida mollar 12 ming 764 boshga, parrandalar 190 ming 678 boshga, asalari 20 ming 710 oilaga yetkazildi. 262 gektar maydonga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilib, 614 tonna mahsulot yetishtirildi. Dorivor va ozuqabop o‘simliklarni yetishtirish va tayyorlash uchun o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 1 ming 270 gektar maydonda plantatsiya tashkil qilinib, 1 ming 924 tonna mahsulot tayyorlandi.
Bundan tashqari, 2024 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi loyihasi hisobidan Qorao‘zak davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan Orol dengizining qurigan tubida cho‘lga chidamli o‘simliklar ekish bo‘yicha 8 ming 600, Chimboy davlat o‘rmon xo‘jaligiga 10 ming, Global yashil rivojlanish instituti (GGGI) loyihasi hisobidan Qorao‘zak davlat o‘rmon xo‘jaligida 7 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali ko‘chatxona tashkil etish uchun 62 ming 868, Bo‘zatov davlat o‘rmon xo‘jaligida 7 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali ko‘chatxona tashkil etish uchun 59 ming 868, Mo‘ynoq davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan Orolni qutqarish jamg‘armasi hisobidan Orol dengizining qurigan tubining “Aqqum” massivida o‘rmonzor barpo etishga 60 ming 500 AQSH dollarlik hamda To‘rtko‘l davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan Osiyo Taraqqiyot banki mablag‘i hisobidan A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu avtomobil yo‘l bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish maqsadida 84 ming AQSH dollarlik grant kiritish ishlari amalga oshirildi.
–Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida bir qator vazifalar belgilab berildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi Aybek Aminov. – Jumladan, Orol dengizi tubida 100 ming gektar “yashil maydon” barpo etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni 2,1 million gektarga yetkazish, shuningdek, tanlangan hududlarida sho‘r va suvsizlikka chidamli o‘simliklar bog‘lari tashkil etish ishlari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, o‘rmon fondining 905 gektar yer maydonini foydalanishga kiritish, 187 tonna manzarali, mevali daraxt va buta urug‘ini tayyorlash, 21 million 168 dona daraxt, buta nihol va ko‘chatini yetishtirish nazarda tutilgan.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA