Ilgari ayol kishining rahbar bo‘lishi istisno sifatida qabul qilingani hech kimga sir emas. Mamlakatimizda ayollarning rahbarlik qilish an’anasi yaqin-yaqindan paydo bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda rahbar lavozimlarda ishlayotgan ayollar ulushi — 35 foizga yetkazilgan. Siyosiy partiyalarda xotin-qizlar ulushi 47 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlik faoliyatida esa 37 foizga yetgan.
Gender tenglik sohasidagi qonunchilik takomillashtirilib, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rni va mavqei ortib borayotgani ham davlat siyosatini shakllantirishda va qarorlar qabul qilishda ularning faol ishtirok etishini ta’minlaydi.
Aslida bugunning ayoli nimalarga qodir? Qanday ishlarni bajarishga qurbi yetadi? Rahbar ayol boshqaruvining afzalliklari nimada? Ayol rahbarlarning boshqaruv uslubi erkak rahbarlarning boshqaruv uslubidan nimasi bilan farq qiladi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova rahbarlik mas’uliyati, jamiyatda xotin-qizlar faolligini oshirish samaralari xususida quyidagilarni gapirib berdi:
– Haqiqatan ham zamonaviy davlatchiligimizda 40-50-yil avval ayollarning yuqori lavozimlarni egallagani kamyob hodisa sanalgan, – deydi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova. – Lekin uzoq tariximizda xotin-qizlar davlat va jamiyat hayotida muhim rol o‘ynagan. Buni massagetlar malikasi To‘maris jasorati, Sohibqiron Amir Temur saroyidagi Bibixonim faoliyati misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Uchinchi Renessans poydevori qo‘yilayotgan yangi O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tomonidan xotin-qizlarning ilm olishi, jamiyatda mustahkam o‘rin topishi, islohotlar jarayonida faol ishtirok etishi uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar har qancha e’tirofga loyiq. Bugungi kunda senator va deputat ayollar Oliy Majlis palatalarida, mahalliy Kengashlarda xalq vakillari sifatida siyosiy va ijtimoiy hayotda hal qiluvchi ovozga ega. Ijro tizimida ham xotin-qizlar ulushi yil sayin ortmoqda. Vazirlik va idoralarda, tumanlar hokimliklarida ayollar birinchi rahbar sifatida ish olib bormoqda. Bularning barchasi yuksak ishonch samarasi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Endi shu ishonchga munosib javob berish uchun sidqidildan ishlash zarur.
Yaxshi bilasizki, maktabgacha va maktab ta’limi tizimida million nafarga yaqin pedagog faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, ularning aksariyatini ayollar tashkil qiladi. Xotin-qizlar ishlash uchun ko‘proq ta’lim tizimini tanlashi ham bejiz emas. Chunki ayollar kelajagimiz egalariga nafaqat bilim beradi, balki onalik mehrini ham ulashadi. Shuning uchun deyarli barchamiz birinchi o‘qituvchimizni onamizdek e’zozlaymiz, hamisha yorug‘ xotiralar bilan yodga olamiz. Bu esa xotin-qizlarning ta’lim tizimidagi umri, mehnati besamar ketmayotganidan, millionlab ko‘ngillarga yoqimli taassurotlar bilan muhrlanayotganidan dalolatdir.
Fikrimcha, ayollar rahbarlik qilayotgan tashkilotda tartib-intizomga birinchi navbatda e’tibor qaratiladi. Qolaversa, xotin-qizlar rahbarlik qilgan jamoada ta’magirlik balosi deyarli uchramaydi. Bu fikrni davlatimiz rahbari ham alohida ta’kidlab o‘tgan.
Tajribamdan kelib chiqib shuni ayta olamanki, ayol rahbar xodimga biror vazifa topshirayotganda uning imkoniyatlarini e’tiborga oladi. Berilayotgan topshiriqni bajarishga lavozim majburiyati yuzasidan o‘sha xodim mas’ul bo‘lishi mumkin. Ammo kasbiy salohiyati yetmasligini bilsa, ayol rahbar xodimni qiynab, samarasiz vaqt sarflagandan ko‘ra, vazifa ijrosini boshqa mas’ul orqali ta’minlashni ma’qul biladi. Ham xodimni ayaydi, ham vaqtni tejaydi.
Rahbar ayol kishimi yoki erkakmi, muhimi jamoani jipslashtirib, birdamlikda ishonch bilan belgilangan maqsadlarga safarbar qila olishi lozim. Bu borada boshqaruvchi shaxsiy ibrat bo‘lishi, fidoyilik ko‘rsata olishi kerak. Shundagina hamkasblarni o‘z ortidan ergashtira oladi.
Rahbar ayol kishi bo‘la turib qat’iyat bilan biror maqsadga intilsa, uning jamoasi ikki karra mas’uliyat bilan ishlaydi, deb o‘ylayman. Men harbiy oilada voyaga yetganman. Ota uyimdagi muhit meni qat’iy tartib-intizomga o‘rgatgan. Rahbar ayol boshi bilan jon kuydiryaptimi, atrofidagi chinakam erkaklar aslo qarab turmaydi. Ular hamisha va har qanday vaziyatda ayollarga ko‘mak berishga, tirgak bo‘lishga tayyor bo‘ladi. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, atrofimdagi jamoa a’zolarim doim qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini his qilib turaman. Bu menga qarorlar qabul qilishda kuch beradi.
Bugun opa-singillarimiz qo‘l urmagan zamonaviy soha yo‘q hisobi. Davlat-nodavlat tashkilotlar, ilmiy, innovatsion, moliyaviy, dasturlash kabi murakkab tizimlarda ham, hatto ilg‘or xorijiy kompaniyalarda ham ulkan muvaffaqiyatga erishayotgan o‘zbekistonlik ayollar ko‘p. Ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimizdagi ilg‘or xotin-qizlar ro‘yxati e’lon qilindi. O‘sha ro‘yxatning o‘zidan ham ayollar erishayotgan yutuqlar haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Bularning barchasi yurtimizda insonni ulug‘lash tamoyili aynan ayollar qadrini yuksaltirishdan boshlanganini ko‘rsatib turibdi.
Zamonaviy hayotni ilm-ma’rifat va ta’limning taraqqiyotisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Qabul qilingan “O‘zbekiston–2030” strategiyasida ham maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning to‘liq qamrovini ta’minlash maqsadi qo‘yilgan.
Shuningdek, Prezidentimiz bayram munosabati bilan yo‘llagan tabriklarida ham qayd etilganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Masalan, keyingi 5-yil ichida O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki baravar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 205 ming nafardan oshdi. 200 mingga yaqin ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. 400 ming nafardan ortig‘i ish bilan ta’minlandi.
Bu raqamlarni aytish oson, lekin har birining ortida davlatning faol qo‘llab-quvvatlovi, o‘z vaqtida amalga oshirilgan keng qamrovli chora-tadbirlar, kompleks yondashuv mujassamligini anglash lozim. Bunday katta e’tibor sabab xotin-qizlarning bugungi yutuqlari ertangisi oldida tetapoya bo‘lib qolishiga ishonaman.
Ertalab ishiga oshiqadigan, kechqurun uyiga talpinadigan inson baxtiyordir. Mehnat faoliyatidagi yutuqlarning quvvati oiladan olinadi. Oila bergan mehr tafti kun davomida qalbingni nurlantirib turadi. Ishingdagi kichik yutuq ham oilangga katta quvonch ulashadi. Bu baxtni hamisha his qilib, ardoqlashga intilaman.
O‘z ishini sevib, shu dargohga oshiqadigan rahbarni ishxonasida xayrli yangiliklar, xayrixoh jamoasi kutmoqda. Oilasida esa mehribonlari qarshi oladi. Mana shunday muhitda yashayotgan odam uchun har bir kun sermazmun, har bir lahza qadrli. Hayot siylagan kishilarning deyarli barchasi ana shu zaylda umr kechirayotganiga aminman. Shu o‘rinda takror bo‘lsa ham aytamanki, har daqiqada Prezidentimiz ishonchini va bu ishonchga munosib bo‘lishni yurakdan o‘tkazib yashayman. Yurtimizga, yurtboshimizga, ta’lim tizimiga sadoqat bilan xizmat qilish chinakam mas’uliyat va sharaf!
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA