O‘zbekiston ta’lim sifatini ta’minlash tizimi AQSHning xalqaro sifatni ta’minlash hamjamiyatiga qo‘shildi
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi AQSHning Oliy ta’limni akkreditatsiyalash kengashi (CHEA) huzuridagi Xalqaro sifatni ta’minlash guruhi (CIQG)ning to‘laqonli a’zoligiga qabul qilindi.
Mazkur qadam O‘zbekistonda ta’lim sifatini ta’minlash tizimining xalqaro maydonga integratsiyalashuvi, shuningdek, yetakchi xorijiy sifatni ta’minlash va akkreditatsiya tashkilotlari bilan institutsional hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Oliy ta’limni akkreditatsiyalash kengashi 3 mingga yaqin diplom beruvchi kollej va universitet hamda 60 dan ortiq institutsional va dasturiy akkreditatsiya tashkilotlarini birlashtiradi.
U AQSHda oliy ta’limni akkreditatsiyalash, akademik sifat va akkreditatsiya tashkilotlarini tan olish masalalari bo‘yicha asosiy milliy institutlardan biri hisoblanadi.
Joriy yilda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi oliy ta’lim sifatini ta’minlash sohasidagi bir qator yirik xalqaro va mintaqaviy tarmoqlarga ham qo‘shildi.
Xususan, INQAAHE — 300 dan ortiq sifatni ta’minlash va akkreditatsiya tashkilotlarini birlashtiruvchi global tarmoq;
APQN — 45 dan ortiq mamlakat va hududdan 200 dan ziyod tashkilotni birlashtiruvchi Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy tarmog‘i;
CEENQA — 28 mamlakatdan 46 ta tashkilotni birlashtiruvchi Markaziy va Sharqiy Yevropa tarmog‘i;
ENQA — Yevropa oliy ta’limida sifatni ta’minlash assotsiatsiyasi bilan hamkorlik ham yo‘lga qo‘yilgan.
Bu hamkorliklar O‘zbekistonda ta’lim sifatini baholash va akkreditatsiyalash tizimini xalqaro mezonlar asosida yanada takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish hamda milliy ta’lim tizimining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga zamin yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA