Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi
FOTOREPORTAJ
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi qo‘mondonlik rahbariyati hamda harbiy xizmatchilar tomonidan 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyatida istiqomat qilayotgan, xizmat burchini bajarish vaqtida jarohat olib nogironlik holatiga tushib qolgan harbiy xizmatchilar xonadonlariga tashrif buyurildi.

Serjant Shuhrat Qayumov 1-guruh nogironi. Minalarni zararsizlantirish jarayonida og‘ir jarohat olgan serjant Shuhrat Qayumov, poligonda o‘qotar quroldan yaralanish oqibatida nogironlik holatiga tushgan katta leytenant Ne’matulla Jo‘rayev, harbiy qism sanitar holatini tekshirish chog‘ida sodir bo‘lgan avtohalokatda jarohat olgan t/x mayori Almat Abdurahimov xonadoni mehmonlar bilan gavjum bo‘ldi. Qahramonlarning salomatligi, ijtimoiy ahvoli bilan yaqindan tanishildi, oilalariga e’tibor ko‘rsatilib, zarur moddiy yordam berildi.
Mazkur tashriflar harbiy xizmatchilarning xizmat davomida ko‘rsatgan jasorati va fidoyiligini e’tirof etish, ularning oilalariga e’tibor va hurmat ko‘rsatish maqsadiga qaratilgan.

Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA