Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi
Buxoroda viloyatida Respublika ishchi guruhi tashrifi doirasida Buxoro Yoshlar markazida parasportchi yoshlar bilan uchrashuv uyushtirildi.
Uchrashuv doirasida bir guruh parasportchi yoshlar hamda murabbiylar tomonidan bir qator taklif va rejalar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, nogironligi bo‘lgan yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning bakalavr va magistratura bosqichlarida tahsil olishi uchun imkoniyatlar yaratish, parasportga keng jalb qilish bo‘yicha sport maktablarida sharoit yaratish, “Zakovat” intellektual o‘yinlarini tashkil etish, parasport uchun muhim me’yorlarni ishlab chiqish kabi takliflar tinglandi.
– O‘zim ham nogironligim bois, nogironligi bo‘lganlarning jamiyatga ijtimoiylashishi bo‘yicha takliflar ishlab chiqyapman, – deydi Buxoro davlat universiteti talabasi Toshpo‘lat Oripov. –Eng muhimi, ularning bandligini ta’minlash, doimiy daromadga ega qilish kerak, deb o‘ylayman. Chunki, daromadga ega bo‘lsa, subsidiya asosida uy ham olishi, ehtiyojlarini qondirishi ham mumkin.
Bundan tashqari, Toshpo‘lat ijtimoiy soha bo‘yicha bir qator takliflari bilan bo‘lishdi. Uning g‘ayrati, o‘zi kabilarga yordam berish maqsadi sabab uchrashuvning o‘zidayoq Ijtimoiy himoya milliy agentligi Buxoro viloyati boshqarmasiga ishga qabul qilindi.
[gallery-15663]
Shuningdek, Karomat Nurqulova ham nogironligi bo‘lsada, ayni damda rahbar lavozimida ishlab kelyapti. U parataekvando bo‘yicha O‘zbekiston chempionidir. Karomat yaqinda ipoteka krediti asosida uy ham olgan bo‘lib, ayni damda kreditini to‘lashga qiynalayotgani sabab sportdan kechib, yana qo‘shimcha ishda ishlash istagi borligini bildirdi. Uning murojaatiga javoban, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori hamda Buxoro shahar hokimi kreditini to‘lashda amaliy yordam berishini bildirib, sportda rivojlanishda davom etishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuv davomida bir qator shu kabi takliflar ijobiy yechim topdi. Ba’zi murojaatlar bo‘yicha ishchi guruh joyiga borib, o‘rganish ishlarini olib bordi.
Nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida Parasportning shaxmat turi bo‘yicha “Buxoro shahar hokimi kubogi” bellashuvlari ham bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada maxsus internat maktab o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, mahallalardagi nogironligi bor 100 nafar yosh o‘zaro kuch sinashdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, 12 nafar g‘olib aniqlandi. Ular Buxoro shahar hokimi kubogini qo‘lga kiritib, diplom, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Uchrashuvlar qatnashchilari “Oydin Nur” viloyat ijtimoiy-huquqiy yordam berish markazida ham bo‘lib, shart-sharoitlar bilan tanishdi. O‘zaro fikr-mulohazalar almashildi.
Respublika ishchi guruhi Qorako‘l tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazi, ijtimoiy xodimlar faoliyati bilan ham tanishdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari