Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi!
Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 52-sonli alohida yordamga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan «Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi!» nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatning uzviy bo‘lagi ekani, shu bois ular ham barcha insonlar kabi mamlakat hayotida qatnashishlari kerakligini ta’kidlab, yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdilar.
— Bugun mamlakatimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning tag zamirida insonni ulug‘lash, uning sha’ni, qadr-qimmatini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan, — deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Toshpo‘lat XOLIQOV.
— Ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami bo‘lmish nogironligi bo‘lgan shaxslarga hayotda teng imkoniyat va sharoitlar yaratish, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’lim olishi, salomatligini asrash, bir so‘z bilan aytganda ularga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish dolzarb masalalardan biriga aylandi. bugungi o‘tkazilgan tadbir esa ana shu kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Xayriya kechasi so‘nggida ta’lim muassasasi o‘qituvchi va o‘quvchilariga vazirlik tomonidan sovg‘a-salomlar ulashildi.