Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas (+video)
Ayni paytda Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi “Oqtepa” mahalla fuqarolar yig‘inida 1046 ta oilada 3565 nafar aholi istiqomat qiladi. “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi doirasida mahalladagi kam ta’minlangan oilalarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahallaning ijtimoiy xodimi Gavharoy Uzoqovaning ma’lum qilishicha, hozirgi kunda hududda 61 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan. Ularning bandligini ta’minlash, turmush sharoitini yaxshilash yuzasidan manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tuman bo‘limi hamda «Biznesni rivojlantirish banki» Farg‘ona viloyati filiali hamkorligida mazkur mahallada yashovchi, II guruh nogironligi bo‘lgan Akbar Mamasoliyev oilasiga bepul kompyuter jamlanmasi topshirildi. Bu orqali xonadon sohibining doimiy bandligi ta’minlanib, uy sharoitida kompyuter va internet orqali xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashildi.
— Katta qizim 1-sinfda tahsil oladi, turmush o‘rtog‘im ikki yoshli o‘g‘limizni parvarish qilmoqda, - deydi A. Mamasoliyev. — Ilgari oilamizda hech kim ishlamagani bois ro‘zg‘or yuritish qiyin edi. Hozir uy sharoitida kompyuter va internet orqali xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Turmush o‘rtog‘im ham yaqin kunlarda mahalladagi 41-umumta’lim maktabida texnik xodim sifatida ish boshlaydi.
[gallery-27676]
Uning ta’kidlashicha, kasalligi sabab ma’lum muddat to‘shakka mixlanib qolgan bo‘lsa-da, ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uni ruhlantirgan.
«Biznesni rivojlantirish banki» Farg‘ona viloyati filiali rahbari o‘rinbosari Ra’noxon Hojibolayevaning ma’lum qilishicha, oilaga imtiyozli kredit asosida qurilish jihozlarini kunlik ijaraga berish xizmatini tashkil etishda ham amaliy yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan. Bu esa oila daromadini yanada oshirishga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MD6bvksGRIw" title="Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muqimjon QODIROV (surat, video), O‘zA