Hech kim mehr e’tibordan chetda qolmaydi
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buxoro viloyati Vobkent tumanida bu borada bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Tumanda 239 nafar birinchi, 2 ming 536 nafar ikkinchi guruh nogironi ro‘yxatga olingan.
–Joriy yilning o‘tgan davrida 15 nafar nogironligi bor shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sihatgohga yullanma berildi, – deydi Vobkent tumani tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Rayhon Xoliqova. – Chernobil AESdagi va Afg‘on urushi nogironlariga bepul yo‘lda yurish uchun maxsus talonlar berildi.
Tumanda 10 nafar yakka yolg‘iz, 49 nafar yolg‘iz keksalar ro‘yxatga olingan. Ularga har oy 19 turdagi oziq-ovqat va gigiyenik tovarlar yetkazib beriladi. Bepul dori-darmonlar tarqatiladi. Reabilitatsiya vositalari bilan 26 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ta’minlangan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslarga 24 ta nogironlik aravachasi, 14 ta eshitish moslamasi, sensor hassalar tarqatilgan.
–Prezidentimizga rahmat, bizdek, keksalarni doimo qo‘llab-quvvatlab keladi, –deydi Vobkent tumani Latif sovungar mahalla fuqarolar yig‘ini Narchoq qishlog‘ida yashovchi 80 yoshli Karim bobo Rustamov. – Sog‘ligimni tiklash uchun menga “Buxoro” sanatoriysiga bepul yo‘llanma berildi. Endi 12 kun sihatgohda dam olaman. Biz yoshi ulug‘ insonlar davlatimizning doimiy e’tiboridamiz.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA