Hech bir ta’rif va tashbehga sig‘maydigan - Vatan, uni sevuvchi qalblardadir
Mustqilligimizga 35-yil
Xabaringiz borki, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ko‘ra, mamlakatimiz istiqlolining 35 yillik tantanasi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda, buyuk tariximiz, o‘lug‘ qadriyatlarimiz, kelajagimizning yuksak nufuziga muvofiq tarzda nishonlanadi.
Albatta-da, insonning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, quvonchu- tashvishlari zamirida aslida Vatanga bo‘lgan muhabbat mujassam desak xato bo‘lmaydi. Shu bois bo‘lsa kerak ota-bobolarimiz “Qilayotgan amallarimiz xayr-barokatli, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin”, deya duo qilishadi.
Bir qarashda soddagina hamda deyarli har kun eshitib o‘rganib qolganimiz va hayot sinovlaridan o‘tgan ushbu duoning tag-zamirida ertangi quvonchimiz bevosita yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq degan chuqur ezgu ma’no mujassam.
Shu tobda mamlakatimizdagi umidli yoshlarning qay biri bilan suhbatlashmang, “Kelajakda, u yoki bu sohani yetuk mutaxasissi bo‘lib, Vatanim ravnaqiga o‘z xissamni qo‘shaman” yoki “Musobaqada albatta g‘olib bo‘lib yurtimiz bayrog‘ini yuqori ko‘taraman” degan so‘zlarni ko‘zi yonib aytadi. Albatta, bu so‘zlar bizga qanchalik balandparvoz bo‘lib tuyulmasin, aslida ular samimiy, qalbdan chiqayotgan, beg‘ubor iboralardir.
Insoniyat bor ekan unga rag‘bat (stimulus), ertangi kunga ishonch berayotgan – Vatanga bo‘lgan muhabbat yoki Vatanning o‘zi nima degan savolga javob izlanaveradi.
Biz, ayni shu rag‘batni zamonga mos ravishda “motivatsiya” degan ibora bilan ishlatishga o‘rganib qoldik. Demak, Vatan – motivsiyasi, rag‘batini, ma’naviy rag‘batni anglatadiki, buni anglab yetganing sari, u keng tafakkur, dunyo ko‘rgan dunyoqarash, ma’rifatli ilm, ma’naviyatli madaniyat, yuksak g‘ururga to‘la qalb, metin sadoqat mujassam yuraklarni shakllantiraveradi.
Tan olish kerak eng ko‘p gapiriladigan, yoritiladigan yo bo‘lmasa qalamga olinadigan mavzu ham aynan shu mavzu, barcha birday teng fikr bildirishi mumkin bo‘lgan yoki insoniyatning dahoyu-faqirlari yurak so‘zlarini bildirgan, ta’rif-tavsiflar bergan mavzu (tushuncha) ham ayni shu desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Ko‘p qatori men ham motivsiya, rag‘bat, ma’naviy rag‘bat beradigan Vatan o‘zi nima degan azaliy savolning javobini ancha yillardan beri izlayman...
Ayniqsa, yosh ulg‘aygani sari yuqoridagi savolning men uchun, yuki og‘irlashib, salmog‘i, mas’uliyati kun sayin ortib bormoqda.
Agar o‘tgan davr oralig‘ida ya’ni, aqlimni taniganimdan beri Vatan o‘zi nimaligi, uni bir tugal ta’rifi bormi degan savol yuzasidan taassurotlarimni sodda, badiiy – publitsistik va salgina obrazli qilib ifodalab bersam, ularni quyidagicha keltirish mumkin:
“Vatan”ni “Avesto”dan izladim, Spitamen suratiga termulib, chuqur o‘y so‘rdim, Qultegin va Bilgaxoqon bitigiga ko‘z yugurtirdim, Xos Xojibning “Qutadg‘u bilig”idan, Buxoriyning “Al- Jome’-as sahih”i-yu, Termiziyning “Sunnan Termiziy”sidan, Imom Abu Mansur al-Moturidiyning “Kitob at-tavhid”, “Ta’vilot ahl as-sunna”sidan, Abul Mu’in ibn Muhammad ibn Mu’tamid ibn Makhul ibn al-Fazl an-Nasafiyning “Allam’a fi usul al-fiqh”, “Bahr al-kalom fi ilm al-kalom”, “Tabsirat aladillati fi ilm al-kalom”, “At-tamhiyd li-qavo’id at-tavhid fi ilm alkalom”, “Al-olim val-muta’allim”, “Iyzoh al-mahajatiy li-kavn al-aql hujjatan”, “Sharh al-Jomi’ al-kabir lish-Shayboniy fi furu’”, “Manohij al-aimmati fil furu’”, “Mu’taqidot”idan qidirdim.
Shu savol javobini Farobiyning “Fozil odamlar shahri”dan, Beruniyning globusidan, uning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklari”dan, Ibn Sinoning “Tib qonunlari”dan, Marg‘iloniyning “Al hidoya”sidan, Xorazmiyning “Al-ja’br val-muqobala”si hamda “Kitob surat ul-arz”idan, Farg‘oniyning “Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum”idan izladim.
Manguberdidan so‘radim, uning safdoshi Temurmalik ham chuqur o‘yga toldi, keksa Kubro esa, otga qamchi soldi, “Yo Vatan yo sharofatli o‘lim” , - deb qoldi.
Vatanni hamon ta’riflaolmay, Amir Temurning moziy saltanatiga termuldim, “Temur tuzklari”ni varaqladim, Ulug‘bekning “yulduzlari”dan, Navoiyning g‘azalidan, “Xamsa”si, bari-bari asaridan, Boburning ko‘z yoshidan tomgan ruboiylari, “Boburnoma”sidan, Avloniyning “Alifbosidan”, Fitratdan, Behbudiydan, Cho‘lponning “Kecha va kunduzi” va “xalqidan”, Qodiriyning “O‘tgan kunlar”idan, Usmon Nosirning xotirotidan , Islom bobomning “Kelajagi buyuk O‘zbekiston”idan, Erkin Voxidovning “O‘zbegim”idan, Abdulla Oripovning “O‘zbekiston”idan” o‘qidim.
Ular Vatanga bergan ta’riflar turli-tuman, chek-chegarasi va o‘xshashi yo‘q, shu bilan birga ularning barchasi haq...
Yana aytishdiki, “Vatan - hech kimga berilmas ma’vodir, do‘shmanning oyog‘i qirqiladigan tabaruk tuproq. Vatan Ona ekan, yaxshi-yu yomon bolasin tishida tishlab o‘tar ekan Vatan. Subxidamda, chol tushda, uzun tun taraladigan Ona allasi ekan Vatan!”
Vatan - ota yurt, ajdodlaring ko‘milgan qabriston, mung‘aygan pastakkina tomli uy ekan...Ota-onang izlari qolgan ko‘chalar, birinchi bor qorni ko‘rgan, o‘ynoqi qorga hayratlanib termulgan joying ekan Vatan. Vatan - birinchi bor bahorni tanigan, ilk bor varrak uchirgan, birinchi marta hayitlik olgan yering, birinchi muallimingni, birinchi muhabbatingni tanigan makon ekan - Vatan.
Davom etdilarki, “Vatan ordir, nomusdir, qomusdir, sharafdir-shondir. Vatan – opa-singil, aka-uka, qarindosh urug‘im...Vatan jigargo‘shalarim yurti, otamni, meni va farzandimni tebratgan beshik,ana shu tabarrukbeshik izlari chizilgan zamin, ana shu muqaddas beshikning g‘ichirlagan kuyi ekan – Vatan!. Akam bilan poyga o‘ynab kirar hovli-eshik ekan – Vatan. Ha chindan ham o‘xshashi yo‘q ekan Vatanning, ilohiy tushuncha ekan Vatan, Vatan - sajdagoh ekan, onam kabi qiblagoh, otam kabi tog‘ ekan- Vatan.
Murg‘ak singlimni asragan kabi muhofaza qilinadigan, akamdan g‘ururlangan singari g‘ururlanadigan, ukamdan faxlangandek faxrlanadigan, ona va opamning ibosiday pok xilqat ekan, - Vatan! Faqat odamlarigina emas, bir siqim tuprog‘ining isi ham aziz ekan Vatanning.
Vatan - vodiy, tep-tekis qumliklardan iborat cho‘lu biyobon - betakror manzaralar, bog‘lar, anhoru soylar, to‘rt faslining beqiyos ob-havosi bilan mo‘’tadil, serquyosh makon ekan.
Xullas, xizmatkor ham ijodkor ham san’atkor ham, Vatanni sevgisiga musharraf bo‘lishni o‘ziga saodat deb bilarkan. Berilgan barcha ta’riflar xayolim qatlarida bir-bir gavdalandi, sado berib izma-iz o‘ta boshladi. Bir necha yillar davomida tafakkurimda charxlangan soddagina o‘z ta’rifim ham Vatan borasidagi tavsiflarga qo‘shilib, ongu-shuurimda juda katta g‘alayon qildi.
Vatan nima degan sovolimga nihoyat javob toganday bo‘ldim! Bundan quvondim.
Biroq, ko‘nglim, Vatanga berilgan barcha ta’riflarni hali tugal emas, deb qoldi. Tugal javobni topa olmading, deb qat’iy turib oldi... undan qattiq ranjidim. Endi ko‘nglim bilan tortishmoqdan o‘zga choram yo‘q...
Hayotim davomida Vatanni anglash uchun ko‘rgan-bilganlarim, eshitgan-o‘qiganlarim, yiqqan ma’lumotlar, dalilar, ular asosida yozilgan hamda uni anglab yetish va ta’riflash uchun sarflagan mehnatlarim kammi dedim?
Albatta kam – dedi ko‘nglim.Undan battar ranjidim.
Negaki, men, yurt tarixini yaxshi o‘zlashtirgan, o‘zligi va ayniqsa, Vatanini to‘la anglagan, sevadigan, yurtining har bir qarich yerini besh qo‘lday biladigan inson deya o‘zimga baholab yurgandim.
Lekin, ko‘nglimning e’tirozi boshimni xam qildi, meni uyaltirib qo‘ydi. Noiloj, keyin ko‘nglimni jerkib berib, uning o‘zini savolga tutdim.
– Ey, ko‘nglim unda o‘zing ayt, Vatan neligin?
Vatan nama?
Binafsha.
Vatan nama?,
Ilk go‘sha.
Vatan nima?
Beshikdir.
Birgina beshikmi Vatan?
Hovli ham eshik.
Vatan nima?
Amu va Sir.
Zarafshonu Surxon,
Oroldir.
Vatan nima?
Onamdir.
Onajon senmisan Vatan?
Opang, ham singling.
Vatan nima?
Jim bas qil, - deya,
hayqirdi, ko‘nglim.
Menning mulkimdir ul,
Meniki, meniki dedi.
Lol qoldim, tosh qotdim,
anglab yetdim daf’atan,
Nechun qozining tashbehimga
Sig‘maskan Vatan?!.
U yana dedi: Vatan hech bir ta’rifga, hech bir tashbehga sig‘maydi, uni izohlab beradigan tushuncha yo‘q - Vatan izoh doirasida emas! Vatan bu - mening mulkim,– dedi. Senga o‘xshash, sendan-da ming karra ulug‘ insonlar ham bu zaminga kelgan va kelaveradi. Ularning son-sanog‘i, adog‘i yo‘q. Ular ham Vatanga, ya’nikim mening mulkimga tugal ta’rif topmagan va topmaslar. Shu asosda sen ham aslo ranjima! Bilginki, mening mulkim – mendadir, ya’ni anglaginki, shuning uchun unga tugal ta’rif faqatgina uni sevuvchi qalblarda mujassamdir... To‘g‘rida, har bir insonning qalbida o‘z “Vatani” bor...
Bugun yoshim qirqdan o‘tib, Vatanga bo‘lgan muhabbat aslida har bir shaxs – insonning quvonchi, unga haqiqiy rag‘bat beruvchi bebaho ne’mat ekanligini yanada chuqquroq anglab borayapman.
Agar san’atkor o‘zi ko‘ylayotgan so‘zlarini ma’nosini to‘la anglamay turib yoki so‘zni to‘g‘ri talaffuz qilmay Vatan, Vatan deb soxta nola qilsa, jahlim chiqadi. Vatan so‘zi muqaddasku, nega til uchida aytasan? Vatanga muhabbat ilohiyku, nega nolang qalbdan chiqmaydi? Hadisi sha’riflarda keltirilganidek, “eng kuchli muhabbat yashirin muhabbatdir”, “Vatanga muhabbat iymondandir” shunday ekan o‘sha muhabbatni “yov”lardan yashirmay oshkor aytishga jazm etibsan nega unda iymon bilan aytmaysan? Nega qo‘shig‘ingda Vatanga bo‘lgan chin ishonch sezilmaydi?!
Ko‘p kuzataganimiz - ayrimlar o‘z xizmat yoki lavozim vazifasini ado etayotib, “Vatan ravnaqi, yurt faravonligi yo‘lida tinimsiz, kechayu-kunduz ishlayabmiz” desa, bu so‘zlar erish tuyuladi? Ularga qarata aslida bu burchingiz, sizga ishonch bildirgan xalq va Vatan oldidagi xizmat vazifangiz emasmi degim keladi.
Shuning uchun ham o‘z manfaatini yurt manfaatidan ustun qo‘yadiganlarga toqatim yo‘q, kim bo‘lishidan qat’iy nazar bilibmi yoki bilmaymi jonajon Vatanimiz sha’niga xoh ichkaridan xoh tashqaridan bo‘lsin salbiy so‘z aytadiganlarni, keltiradiganlarni yoxud ana shunday muhit yaratishga urinayotganlarni, xalqaro maydonlarda uning nomiga soya solmoqchi bo‘lganlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q...
Al qissa, kim bo‘lishimizdan, qaysi lavozimda ishlashimiz, qay soha vakili bo‘lishimizdan qat’iy nazar biz uchun yagona motivatsiya - bu Vatan motivsiyasi, Vatan rag‘bati, uning muhabbatidir.
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratish yo‘lida, қiлayoтгan ezgu amallarimiz xayr-barokatli, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, kirib kelayotgan ezgu va qutlug‘ ayyom – Mustaqilligimizning mubora 35 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin!
Nuriddin Murodov
Sudya, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi
O‘zA