Prezidentimiz raisligida kuni kecha – 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu yig‘ilishda huquqshunos, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining eksperti, Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi sifatida qatnashdim. Huquqshunos sifatida hamisha ma’naviyat va huquq birga yurishini, tarozining ikki pallasi bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi, degan g‘oyani yoshlarimizga qayta va qayta ta’kidlardim. Chunki ma’naviyatli inson jamiyatda yurish-turishni, kiyinish va muomala madaniyatini yaxshi anglaydiki, bunday insonlar o‘zgalarga yaxshilik, ezgulik qilganidan zavqlanib yashaydi.
O‘zbekiston yangi Renessans ostonasida turibdi. Amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlari yo‘lidan borayotganligini nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat ham tan olmoqda. Shunday davrda bitta narsaga alohida e’tibor juda muhim. Bu ma’naviyatimiz, millatimiz ertasi, yosh avlod kelajagiga e’tibordir. To‘g‘ri, Prezident ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari, oliy o‘quv yurtlari ochilmoqda va faoliyat yuritmoqda. Lekin dunyoda insonparvarligi, xalqparvarligi, mehnatsevarligi, odilligiyu ma’rifatparvarligi bilan hamisha ulug‘langan qudratli xalqimizning buyuk o‘tmishi va tarixi, milliy qadriyatlari biz uchun buyuk merosdir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi, avvalo, xalq ma’naviyatining tiklanishi, boy tarixiy merosimizning keng o‘rganilishi, yoshlarimiz qalbi va ongiga milliy g‘oyaning chuqur singdirilayotganligi bilan uzviy bog‘liq. Shu sababli, uni targ‘ib etmaslik aybdir.
Yig‘ilishni hayajon va quvonch bilan tingladim. Agar kimdir, ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o‘ylasa, xato qiladi. Bularning barchasi oldimizda turgan eng asosiy, eng muhim vazifalardan biridir, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Daraxtning bo‘shini qurt yeydi, deb bejizga aytmaydi xalqimiz. Shuning uchun ma’naviy merosimizda tarbiya masalasiga alohida e’tibor bo‘lgan. Jumladan, Abdurahmon Jomiy o‘z farzandi Ziyovuddin Yusufga nasihat qilar ekan, otasi faqat mashhur kishi bo‘lgani uchun uning nomi, obro‘si bilan maqtanmaslikni, balki uning nomiga munosib farzand bo‘lib yetishishni talab qiladi. Shuningdek, “Qobusnoma” asarida ham “Agar kishi har qancha oliy nasab va asl bo‘lsa-yu, ammo hunari bo‘lmasa, u xaloyiqning izzat va hurmatidin noumid bo‘lur. Ulug‘lik aql va bilim bilandur, nasl-nasab bila emas. Otni senga ota va onang qo‘ymishlar, sen unga g‘arra bo‘lmag‘il... Bu ot faqat bir nishonadin boshqa narsa emasdur. Ammo sen hunar bila bir nomga ega bo‘lg‘il”, deya ta’kidlangan.
“Qobusnomada”gi quyidagi satrlar ham qimmatlidir: “Ey farzand, bilg‘ilkim, aql yuzasidin farzandg‘a ota-onani izzat va hurmat qilish vojibdir, nedinkim, uning asli ota va onadur. Ota-ona farmonbardordur. Bu farmonbardorlikda ham ish bo‘lg‘ay va ham farmon bo‘lg‘ay. Ota-onaning ishi seni parvarish qilmoqdur va farmoni senga yaxshilik o‘rgatmoqdur. Ey farzand, shul vajdin ota-onangni sag‘al ham ranjitmag‘il”.
Har bir ota-ona farzandi dunyoga kelgan ilk ondan boshlab unga butun mehrini beradi, bor imkonini sarf etadi, barkamol inson bo‘lishini niyat qilib tarbiyalaydi.
Ma’rifatparvar Avloniyning fikricha, odam tug‘ilishidan yomon xulq bilan tug‘ilmaydi. Muayyan bir sharoitda yomon tarbiya natijasida ularda yomon xulq paydo bo‘ladi va shakllanib boradi. Insondagi qobiliyatni kamolga yetkazish tarbiya bilan amalga oshadi. Agar inson yaxshi tarbiya topib, yomon xulqlardan saqlansa, go‘zal xulqlarga odatlanib, voyaga yetsa, u barchaning hurmati va e’tiboriga sazovor bo‘lgan baxtiyor inson bo‘lib shakllanadi. Agar aksincha bo‘lsa, uning har qanday buzuq ishlarni qiladigan, nodon, johil, yovuz bir odam bo‘lib yetishishiga olib keladi.
Demak, tarbiyadan ko‘zlangan maqsad farzandlarimizning baxti, ertangi kunining porloq bo‘lishidir. Prezidentimizning ushbu yildan boshlab ma’naviyat va ma’rifat sohasi ixtisosliklarini fanlar klassifikatoriga kiritish, bu yo‘nalish bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlash bo‘yicha takliflari juda muhimdir.
Xalq bilan uchrashuvlarda auditoriyani jalb etish ham mahorat. U kuchli bilim va notiqlikni talab etadi. Bilimi bo‘lib, uni yetkaza olmaslik tadbirning ta’sirini tushiradi. Quvonarli tomoni shundaki, markaz qoshida Ilmiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etilmoqda. Aynan shu yerda ma’naviyatimizning tarixiy ildizlari tadqiq etiladi. Ma’naviyat targ‘ibotchilari uchun maxsus qo‘llanma va materiallar tayyorlanadi. Bu ham muhim yangilik: chunki qo‘lida yordamchi qo‘llanmaning borligi quroldir.
«Ijod» jamoat fondi negizida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondining tashkil etilayotgani ham diqqatga sazovor. Bu jamg‘armaga 120 milliard so‘m ajratilib, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali amalga oshirish, milliy adabiyotni rivojlantirish uchun sarflanadi. Bu mablag‘ning 90 milliard so‘mi hududlarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard so‘mi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, 10 milliard so‘mi mamlakat miqyosida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yo‘naltirilmoqda. Albatta, bundan ko‘zlangan maqsad hozirgi globallashuv sharoitida aholining keng qatlamlari, ayniqsa yoshlarda milliy g‘oyaga sodiqlik, vatanparvarlik tuyg‘ularini, yuksak ma’naviy-axloqiy qarashlarni tarbiyalashning, ularda mafkuraviy-ma’naviy immunitetni shakllantirishdir.
Davlatimiz rahbari videoselektor yig‘ilishida ma’naviyat uchun eng katta xavf bu – aksariyat odamlarimizda loqaydlik va beparvolik kuchayib borayotganida, deya ta’kidladi. Ayniqsa, hozirgi zamonda ma’naviy nuqtai nazardan «uxlab yotish»ga, loqayd bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Barcha fojea va muammolar, Vatanga, millatga, kelajakka xiyonat aynan loqaydlikdan boshlanishi qayd etildi.
Ma’naviyat inson, jumladan, yoshlarimizning jamiyat va uning a’zolari manfaatlarini himoya qilish, mustaqillikni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash, muayyan vazifani ado etishda fidoyiligi, butun kuch va imkoniyatlarini to‘la safarbar etishini anglatadigan kategoriyadir. Shu bois, endilikda har viloyat, hududlar kesimida ma’naviyat targ‘iboti yo‘lga qo‘yilib, Ma’naviyat monumenti o‘rnatilib, shu hududda fidoyi va faol ma’naviyat targ‘ibotchilari rag‘batlantiriladi. Ayniqsa, hokimlarning rag‘batlantirish masalasi ham hammaga ma’qul bo‘ldi. Oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilarining ma’naviy targ‘ibot ishlari uchun 50 foiz ustama qo‘shish taklifi ham kutilmagan yangilik va ma’naviyatimizga bo‘lgan e’tirofdir. Zero, yoshlarimizni har kuni, har onda fidoyi bo‘lishi, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizga hurmat va e’tibor asosida o‘z oldiga qo‘ygan buyuk bunyodkorlik, yaratuvchanlik maqsadlar sari intilishi, haqiqiy ma’naviy jasoratga aylanadi.
Buyuk hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning “Odob durdonalari” (“Al-Adab al-mufrad”) kitobida keltirilgan muborak hadisi sharifda “Hech bir ota o‘z farzandiga xulqu odobdan buyukroq meros bera olmaydi”, deyilishining sababi ham shunda.
Feruza Muhitdinova,
TDYUU professori, yuridik fanlar doktori,
Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi