Hech bir izohim yoʻq koʻnglimga...
Shamsim sizga boqib koʻzim adashdi,
Shamsim sizga boqib koʻzim adashdi,
Koʻzim ne, asarim soʻzim adashdi.
Yoʻllar rayhon edi,
Xushvaqt ketardim,
Poyingizni quchib toʻzim adashdi...
Bir shuʼla izladim yillar oralab,
Tunlarning koʻksiga yogʻdular qalab,
Nogoh porlaganda iqbolim shaʼmi,
Boshimni koʻtardim men siddiqtalab.
Shamsim siz doʻst boʻling, durdonam boʻling,
Kadar falagida bir donam boʻling,
Menam bir kun koʻrib,
yashillanayin,
Koʻklamim, savrim, pirxonam boʻling!
Libos orzusida sizga talpindim,
Fasllar almashdi, xasdek oʻkindim.
Faqat xayolimda sizniki boʻldim,
Faqat xayolimda siz bilan tindim.
Shamsim sizga boqsam koʻzim adashdi.
Poyingizni quchib toʻzim adashdi,
Sohilsiz dengizdek unsiz oʻtindim,
Oʻzimdan sarosar, “oʻzim”adashdi...
***
Hech bir izohim yoʻq koʻnglimga,
Magʻribdan mashriqqa yelaveraman...
Parvona borgandek, munis oʻlimga,
Begim nega sizga kelaveraman...
Holim parishondur, ixtiyorim yoʻq,
Koʻksimda shamollar bir zum tinmaydi...
Siyoh quriganmi, inmasmi nayson
Nahot bu yozuqda giyoh unmaydi...
Nega bu ishora, nechuk imtiyoz,
Karbalo dashtida bu nechuk ayyom.
Begim yuragimga toʻlmoqda qasos,
Oʻlsam, ustingizdan qilurman daʼvo.
Meni ulfat qildi, Hazrati Hayyom
Behudud jilvalar qilur yodingiz,
Osmonim yer boʻldi, bardoshim toʻzdi.
Quridi koʻzlarim -olovlidengiz.
Olamga oʻt ketsa mendan ranjimang,
Hech bir izohim yoʻq koʻnglimga..
Begim doringizga oʻrlayveraman,
Parvona borgandek, munis oʻlimga...
***
Boʻronlarda sovrilgan vaqt-Men.
Yoki vaqtga behuda boʻron...
Ovozingni kutgan bekat-Men,
Koʻksim uzra,
tinmadi suron...
Kezib yurdim karbalo dashti,
Mendek hurni koʻrmadi Yo rab!
Meni izlab ming yil adashding,
Va ketdingmi ortinga qarab...
Axir benur koʻkarmas daraxt,
Zulmat ichra uzun bedorlik.
Behudamas bu qaygʻu, bu baxt,
Axir bunday boʻlmas chin yorlik...
Qara, yoʻllar ismingni aytib,
Koʻk toqiga ketar tutashib...
Benavomas har aytgan baytim,
Behud emas yonganim shoshib...
Ozoda BEKMURODOVA