Shu kunlarda so‘z mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz tavalludining 581 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi keng nishonlanmoqda.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashabbusi bilan 8 fevral kuni Alisher Navoiyning 581 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Boburning 539 yilligiga bag‘ishlangan “Hazrati Navoiy va Bobur ijodida millatlararo do‘stlik tarannumi” mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, milliy madaniy markazlar faollari ishtirok etgan mazkur tadbirda Navoiy va Bobur asarlarida tarannum etilgan milliy va umuminsoniy g‘oyalarni o‘sib kelayotgan yosh avlodga yetkazish, ulug‘ allomalarning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib etish muhim ekani ta’kidlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Alisher Navoiy va Boburning boy hamda serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, ularning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021 yilda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi sammitida Prezidentimiz tashabbusi bilan ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida ulug‘ mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish haqidagi qaror qabul qilindi.

Davra suhbatida Afg‘onistonning Hirot shahridagi Alisher Navoiy maqbarasini obodonlashtirish, poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboniga tutash hududda Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi bilan birga ilmiy-tadqiqot markazi hamda O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, shuningdek, maktab qurilishi ajdodlarimiz xotirasi va bebaho merosiga bo‘lgan yuksak ehtirom ifodasi ekani ta’kidlandi.
Davra suhbatida, shuningdek, Navoiy va Bobur asarlarini dunyo tillariga tarjima qilishda millatlararo totuvlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik kabi insoniy g‘oyalarni kitobxonlarga yetkazish to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Tadbirning adabiy qismida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari tomonidan Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallari o‘qildi.
O‘tkazilgan tadbir aholi, shu jumladan, bolalar va yoshlarda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, sha’n va qadr-qimmat, fuqarolik mas’uliyati, shuningdek, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati his-tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

– Navoiy va Boburni o‘qimasdan yozuvchi o‘zini yetuk ijodkor deya olmaydi, – deydi O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay Usenov. – Bu ikki siymoning do‘stlik, birdamlikni tarannum etuvchi, g‘oyat tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan g‘azallari boshqa tillarga ham katta qiziqish bilan tarjima qilinmoqda. Masalan, Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni va g‘azallari qozoq tiliga, “Layli va Majnun” dostoni esa tojik tiliga o‘girildi. 2022 yilda Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida Navoiyning haykalini o‘rnatish va ko‘chalarga uning nomini qo‘yish rejalashtirilgan.
Qozoq milliy madaniy markazi raisi buyuk allomalarimiz Navoiy va Bobur asarlarida adolatli jamiyat tuzish, ilm-hunar o‘rganish, komillikka intilish g‘oyalari bugungi kun uchun ham dolzarbligini yo‘qotmagani, aksincha, yanada yangi jilolarini namoyon qilayotganini aytib o‘tish joiz bo‘ladi. Tadbir so‘nggida A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari va milliy madaniy markazlar raislari mavzuga doir ma’ruzalari bilan chiqish qildi.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri