Oramizdagi zamondoshlar
Tohir Rahimov ota-bobolari kasbini ulug‘lab, sangtaroshlikni san’at darajasiga ko‘tara olgan, yuzlab shogirdlarga kasbining sir-asrorlarini o‘rgatgan ustoz sanaladi. Bugun sangtarosh ustani nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni Afg‘onistonda ham yaxshi bilishadi. Bu haqda sal keyinroq.
Tohir Rahimov sangtaroshlar avlodidan. U mashhur sangtarosh Abdurahim Turdiyevning nevarasi. Aytishlaricha, Abdurahim usta birinchi o‘zbek sangtaroshlaridan biri bo‘lgan. 1937 yildagi qatag‘on uni ham chetlab o‘tmagan. O‘zbek ziyolilari singari u ham qatag‘on qilingan.

T.Rahimov 1961 yilda G‘ozg‘on qo‘rg‘onida tug‘ilgan. Maktabni tamomlab, harbiy xizmatga ketgan va qaytib kelgach Marmar zavodida ishlagan. Keyinchalik o‘z uyida shaxsiy korxona ochib, hozirga qadar sangtaroshlik qilib kelmoqda.
Bugun usta tomonidan ta’mirlanib, barchani hayratga solib kelayotgan osori atiqalarning son-sanog‘i yo‘q. Abdulahadxon qabri, Surxondaryodagi Hakim at-Termiziy, Imom Termiziy, So‘fi Olloyor, Sulton Saodat, Qashqadaryodagi Xo‘jai Jarroh, Sulton Mirsaid Haydar, Abdulaziz muborak, Abu Mu’in Nasafiy, Buxorodagi Xo‘ja Azizxon, Abduholiq G‘ijduvoniy, Toshkentdagi Suzuk ota, Zangiota, Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur ziyoratgohi usta sabab ko‘rkam qiyofa kasb etgan.
Ha, Tohir Rahimov ustaxonasida marmardan yasalgan ko‘plab san’at asarlari, ustun va bezaklar muhtasham binolarni, tarixiy maskanlarni bezab turibdi.

Darvoqe, yuqorida ustani Afg‘onistonda ham yaxshi bilishadi, dedik. Sababi u bir guruh o‘zbekistonlik ustalar bilan Afg‘onistonga borib, hazrat Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, musavvir Rustam kabi allomalarimiz qabrtoshlarini yangilagan. Hazrat Navoiyning ustozi Mavlono Lutfiyning Kashti Kanor qishlog‘idagi qabriga tosh o‘rnatgan.
– Sangtaroshlik orqali el orasida hurmat qozondim, – deydi T.Rahimov. – Haj ziyoratiga bordim, Afg‘onistonda bo‘ldim. U yerda Alisher Navoiy qabrini ziyorat qilib, ul muhtaram zotning maqbaralariga o‘rnatilgan marmarlarga ishlov berdim. Xoh ishoning, xoh ishonmang, hazrat Navoiyday buyuk insonning qabrtoshlariga bitik bitaman, deb hech qachon o‘ylamaganman. Hattoki tushumga ham kirmagan. Ammo men bunday baxtga sazovor bo‘lganligimdan hozirgacha faxrlanaman.
Usta “Ustoz-shogird” an’anasiga sodiq qolganlardan. Bugun uning 100 dan ortiq shogirdlari el xizmatida. Uning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, 2004 yilda “Shuhrat” medali, 2011 yilda esa “El-yurt hurmati” ordeni sohibiga aylangan.

– Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan G‘ozg‘onga shahar maqomi berildi. Yangi-yangi zavodlar ishga tushdi, ishlab chiqarish hajmi ortdi. Bu yerda yashaydigan odamlar, mehnat qilayotgan har bir sangtaroshning turmush darajasi o‘zgardi, – deydi usta faxr bilan.
Ha, aytgancha Tohir usta “Marmar kamyob” xususiy korxonasi ta’sischisi sifatida 15 nafar doimiy, 100 nafardan ziyod yoshlarni mavsumiy ish bilan ta’minlagan bo‘lsa, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati sifatida esa aholi muammolarini o‘rganib, ularni hal etish uchun kunu tun ish olib bormoqda.
Usta Tohir Rahimov tinib-tinchimaydi. Xalq vakili va usta sangtarosh doimo odamlar bilan birga. Izlaganlar uni yo ustaxonadan yoki xalq orasidan topadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri