Hayvonot olamiga g‘amxo‘rlik (video)
Jizzax viloyati Zomin tumani o‘zining osmono‘par tog‘lari-yu ko‘m-ko‘k archazorlari, kislorodga to‘yingan toza havosi bilan barchani o‘ziga jalb etib keladi. Shu bois xushmanzara tabiatdan bahramand bo‘lish maqsadida bu yerga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni tobora ortmoqda.
Umumiy maydoni 23 ming 429 gektardan iborat bo‘lgan “Zomin” milliy tabiat bog‘i so‘lim go‘shalardan. Hududning tabiiyligini hamda tog‘ yonbag‘irlarini o‘ziga makon tutgan 20 dan ortiq katta turdagi hayvon hamda noyob qo‘shlarni asrab avaylash va ularning turlarini ko‘paytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-21782]
Ayni kunlarda qishning oxirgi oylari bo‘lishiga qaramay tog‘li hududlarda sovuq havo harorati hamon saqlanib turibdi. Shu sababdan bog‘ning 40 dan ziyod inspektori tomonidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyat Kengashi bilan hamkorlikda Usmonlisoy, Yettikechuvsoy hamda O‘riklisoy o‘rmon aylanmalarida ozuqa, yem-xashak topa olmayotgan hayvonlarni oziqlantirish maqsadida biotexnik tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur milliy tabiat bog‘ida 282 turdan ortiq umurtqasiz hayvonlar, 30 turdan ortiq sut emizuvchilar, 100 turdan ortiq qushlar, 14 turdan ortiq sudralib yuruvchilar, 2 turdagi suvda va quruqlikda yashovchi hamda 1 turdagi baliqlar sinfiga mansub bo‘lgan jonzotlar hayot kechiradi. E’tiborlisi, ularning deyarli barchasi bog‘ hududida qishlaydi.
– Bog‘imizda tabiatni va hayvonlarni asrash borasida doimiy, ya’ni, qishda ob-havoning sovub ketishi yoki yoz kunlari harorat ko‘tarilgan paytlari biotexnik tadbirlar tashkil etib turiladi, - deydi “Zomin” milliy tabiat bog‘i direktori o‘rinbosari Husniddin Hazratqulov. – Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ozuqa, yem-xashak topa olmayotgan hayvonlarni sovuq kunlarni betalafot o‘tkazishlari uchun yetarli ozuqa bilan ta’minlashdan iborat.
Oziqa bazasini yaratish Milliy bog‘ning o‘zi ishlab topgan mablag‘lari hisobidan qoplanadi. O‘tgan dekabr oyi hamda joriy yil uchun 40 milliondan ziyod mablag‘ yem-xashak sotib olishga sarflandi. Yil davomida 10 dan ziyod xuddi shunday biotexnik tadbirlar tashkil qilinib, hayvonlar hamda qushlar uchun qo‘shimcha ozuqa manbalari yaratildi. Shuningdek, tadbir davomida hayvonlarning migratsiya yo‘laklari ham tahlil qilinadi. Hozirgi vaqtda bog‘ hududida Sibir tog‘ echkisi, yovvoyi to‘ng‘iz, quyon, tog‘ silovsini, bo‘ri, tulki kabi hayvonlar faol hayot kechirmoqda.
Shuningdek, bog‘ hayvonot olamini muhofaza etish va kuzatib borish maqsadida 15 dona foto-qopqon bilan ta’minlangan. Ushbu foto-qopqonlar belgilangan joylarga o‘rnatilib, hudud, undagi hayvonot olami muntazam monitoring qilib boriladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/JbohVXlJlNE?si=eZ8YRhjhwU7qTXXo" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jamshid YORBEKOV(surat,video),O‘zA