«Onayizoring – zamin, tanho yo‘g‘u boring – zamin...» Bu misralar Erkin Vohidovning «Inson qasidasi»dan parcha.
Koinot karvonining sarbonligini da’vo qilgan inson gohida o‘z nafsi yo‘lida yoki shunchaki yer sayyorasida o‘zi bilan teng yashash huquqi berilgan jonzotlarga ozor berib, bu ham yetmagandek ushbu jirkanch ishlarini ko‘z-ko‘z qilayotgan holatlarga ijtimoiy tarmoqlarda guvoh bo‘lmoqdamiz.
Bunday huquqbuzarliklarni sodir etayotganlar o‘zlarining harakatlari jinoiy javobgarlikkacha olib borishi haqida tasavvurga ega emasdek ko‘rinadi.
Aslidachi, O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-711-sonli qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining “Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish» deb nomlangan 111-moddasidagi jazo choralari bir muncha og‘irlashtirildi.
Endilikda hayvonlarni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan (810.000 so‘mdan) besh baravarigacha (1.350.000 so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, yoxud ushbu huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan (1.350.000 so‘mdan) o‘n baravarigacha (2.700.000 so‘mgacha) miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Yuqoridagi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi «Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish» deb nomlangan 202-1-modda bilan to‘ldirildi.
Agar shaxs g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda hayvonlarni qiynoqqa solish yoxud ularga azob berish ularning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelsa, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan (6.750.000 so‘mdan) ellik baravarigacha (o‘n uch million besh yuz ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha ozodlikni cheklash yoki olti oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yildi.
Huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tayinlangan jazo balki uning buzilgan axloqini tuzalishi uchun yetarli bo‘lmas, lekin, boshqa shaxslar tomonidan shu kabi huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olishga albatta xizmat qiladi.
Elyorbek HAKIMOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining sudyasi