O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Alisher Navoiyning arab tilida chop etilgan “Hayrat ul –abror” dostoni taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yilning 23 avgustidagi “O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni podshohligi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da Alisher Navoiy asarlarini arab tiliga tarjima qilib, chop etish vazifasi belgilangan edi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi buyuk mutafakkir shoirning “Hayrat ul-abror” dostonining nasriy bayoni va bir nechta g‘azallari sharhini arab tiliga tarjima qildirib, chop ettirdi. Tarjimalar Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Ilyosxon Bahromov tomonidan amalga oshirildi. Tarjima ishlariga Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining “Arab filologiyasi” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Shorustam Shomusarov rahbarlik qilgan. Kitob professor Shorustam Shomusarovning so‘zboshisi bilan ochiladi.
Tarjima uchun “Hayrat ul-abror” dostonining O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Abduqodir Hayitmetov tomonidan tayyorlangan nasriy bayoni tanlab olindi. Kitob Toshkentdagi “Zilol buloq” nashriyotida chop etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mazkur ma’rifiy loyiha xususida atroflicha so‘zlab berdi:
– Prezidentimiz o‘zbek adabiyotining buyuk ekani, uning kelajagi ham buyuk bo‘lmog‘i kerakligini ko‘p marta takrorlaydilar. Hazrat Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonining arab tiliga tarjimasi juda ulug‘ ishdir. Bu kabi nashrlar o‘zbek adabiyotining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiboridan darak beradi. Yuksak axloq, ma’naviy barkamollik, ezgu insoniy g‘oyalarni o‘zida aks ettirgan bunday asarlar albatta kitobxonlar qo‘liga yetib bormog‘i kerak. Tarjima san’ati g‘oyat murakkab, zahmatli jarayondir. Aslida ko‘ngilni tarjima etib ham bo‘lmaydi. Lekin tarjimonlarimiz mumtoz adabiyotni boshqa tillarga o‘girishni katta mahorat, mas’uliyat bilan bajarganlar. Davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida bu borada amalga oshirilayotgan ma’rifiy ishlar jahon miqyosida ham yuksak e’tirof etilmoqda.
– Hazrat Navoiyning “Hayrat ul-abror” asari “Xamsa”ga kirishda unga poydevor sanaladi, – dedi filologiya fanlari doktori, mumtoz adabiyot bilimdoni, navoiyshunos olim Nurboy Jabborov. – Bu doston “Xamsaning” nazariy-metodologik asosi, demakdir. Ushbu doston orqali Navoiy “Xamsa”ga kirgan keyingi dostonlarning zaminini ham aytib o‘tganlar. Albatta Navoiy asarlarida Qur’ondan oyatlar, arabcha so‘zlar ham ko‘plab keltiriladi. Haq so‘z allomaning ijodi, e’tiqodining konsepsiyasini tashkil etadi. Mutafakkir aytadiki, agar so‘z haqiqat gavharidan yiroq bo‘lsa, bu so‘zning ahamiyati yo‘qdir. “Hayrat ul-abror”ning arab tiliga tarjima etilgani juda quvonarlidir. Donishmand bobomiz o‘z asarlarini nainki turkiy xalqlar, balki turkiy bo‘lmagan xalqlar, butun dunyoda zavq, shavq bilan o‘qilishini oldindan aytgan edilar. Bu dostonni “Xamsa”ning kaliti atash mumkin. “Hayrat ul-abror” dostonisiz Navoiyni ham, “Xamsa”ni ham anglab bo‘lmaydi.
[gallery-15054]
– Kutubxonamizga 1948 yili Alisher Navoiy nomi berilgan, – dedi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva.– Ma’rifat maskanimizda Navoiy yashagan davrdagi ulug‘ mutafakkir bobomizning xattotlar tomonidan ko‘chirilgan asarlari mavjud. Shu bilan birga daho shoirning O‘zbekistonda chop etilgan barcha asarlari, qardosh tillar bilan birga jahonning ko‘plab xalqlari tillaridagi ham asarlari bor. Bugun taqdimoti bo‘layotgan kitobning kutubxonamizga taqdim etilishi ma’rifiy xazinamizni yanada boyitadi. Bu kitobni elektron variantga aylantirishga ham harakat qilamiz.
– Bu loyiha Prezidentimizning qarori asosida amalga oshirildi, – dedi ma’rifiy loyiha rahbari, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Shorustam Shomusarov. – Navoiy ijodini keng targ‘ib etish va xorijiy tillarga o‘girishdek ezgu maqsadni ko‘zlagan ushbu loyihani amalga oshirishga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan jiddiy kirishildi. Navoiy zakosi, uning falsafiy va so‘fiyona qarashlarini tushunish tarjimonlar zimmasidagi katta vazifa edi. Menimcha, tarjimon bu vazifani uddaladi. Bunda navoiyshunos olimlarning ko‘maklari, maslahatlari katta yordam bo‘ldi. Aytish kerakki, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi buyuk mutafakkir ijodini va xorijiy tillarga tarjima qilish borasida qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Alisher Navoiyning yuzta g‘azali rus, ingliz, nemis tillariga tarjima qilinib, chop etildi. “Farhod va Shirin” dostonining rus tilidagi yangi tarjimasidan boblar e’lon qilindi. 2021-2023 yillarda allomaning “Xamsa” asari ozarbayjon, qozoq tillariga to‘liq tarjima etilib, Boku va Olmatida nashr qilindi. “Mahbub ul-qulub” asari belorus, ozarbayjon va qoraqalpoq tillariga o‘girilib, Minsk, Boku, Nukus shaharlarida chop etildi. 2019 yilda Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni Shanxayda xitoy tilida, “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari Pokistonda urdu tilida nashr qilindi. Ilyosxon Bahromov tarjimasida chop etilgan “Hayrat ul-abror” dostoni buyuk bobokalonimizning arab tiliga tajima etilgan ilk yirik asari hisoblanadi.
Adabiyotshunoslarning so‘zlariga ko‘ra, “Xamsa” tarkibidagi besh dostonning birinchisi bo‘lmish “Hayrat ul-abror” inson umrining mazmuni, tabiat, jamiyat va inson munosabatlariga oid mulohazalar bayon etilgan falsafiy asardir.
Taqdimot anjumanida Alisher Navoiy merosi, asarlarining jahonshumul ahamiyati, bobomizning asrlar osha dolzarb bo‘lib kelayotgan hikmatlari xususida batafsil so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va poytaxtimizdagi bir qator oliy o‘quv yurtlarining kutubxonalariga arab tilida nashr etilgan “Hayrat ul-abror” asari tuhfa etildi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (suratlar) , O‘zA