Hayotimni yangidan boshlamoqchiman
Bilib-bilmay toʻgʻri yoʻldan adashganlar orasida Hurmatillo Xoʻjayev ham bor.
Prezidentimizning yaqinda Mustaqillik bayrami arafasida qabul qilingan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 113 nafar fuqaro afv etildi.
Bilib-bilmay toʻgʻri yoʻldan adashganlar orasida Hurmatillo Xoʻjayev ham bor. U Andijon shahridagi Al-Buxoriy mahallasidagi Mumtozbegim koʻchasida yashaydi. Suhbat jarayonida Hurmatilla koʻplab rejalari borligini, yoniga farzandlarini olib astoydil mehnat qilishini aytdi. Tinch zamon, odil Yurtboshimiz, kechirimli xalqimiz oldida qarzdor ekanini bot-bot takrorladi. 4 yilu 10 oy 28 kun. Bu muddatning har lahzasi Hurmatilloning yuragida, shuurida soat kaftgiridek bong urgan. Vaqt juda sekin, baʼzida toʻxtab qolganday tuyulgan.
– Aslida vaqt juda tez oʻtarkan. – deydi u biz bilan suhbatda. – Buni “tashqari”da bildim. Shundan boʻlsa kerak, yaxshilikka, ezgulikka ulgurib qolay deysan. Tadbirkorlik bilan shugʻullanar edim, yomon adashdim. Ozodlikning, hurlikning totini tutqun boʻlgan odam yurak-yuragidan his qiladi. Davlatimiz rahbarining muruvvati, kechirimliligi tufayli oilam bagʻriga, xonadonimga qaytdim. Atrofdagi oʻzgarishlar meni lol qoldirdi..
Olti nafar farzandim bor. Kattasi 24 yoshda. Oliygohning 3-kursida oʻqiydi. Yana biri maktabni bu yil oltin medalga bitirdi. Kenjatoyim 12 yoshda. Ularning yutugʻini koʻrib, ota-onaning aybu xatolari farzandlarga daxl qilmaydigan adolatli zamonda yashayotganimdan mamnun boʻldim. Afsus, bolalarimning bu yutuqlarida mening hissam yoʻq. Aksincha, bular men qochgan, shuncha yillar yomon koʻrgan davlatimiz yaratib bergan imkoniyatlar samarasidir.
Shahrimizda bunyod etilayotgan zamonaviy inshootlar, yangi-yangi mahallalarni koʻrib, koʻzingiz quvnaydi. Mana shu oʻzgarishlar men kabi adashganlarni “Endi xato qilmasligim kerak”, degan bong bilan har daqiqa bezovta qilib turishi shart. Prezidentimizning ishonchini oqlashga, oilamni hech kimdan kam qilmaslikka ahd qilganman.
Mening ogʻir jinoyatimni afv etgan Prezidentimizdan bir umr minnatdorman. Xalqimiz kechirimli, Yurtboshimiz bagʻrikeng. Hayotimni yangidan boshlamoqchiman. Endi umrim boʻyi mana shu bagʻrikenglikni oqlash, xalqimizga, ozod va obod yurtimizga halol va sadoqat bilan xizmat qilishga vaʼda beraman.
Hokimlik Andijon tumanidan 1 gektar yer berdi. Bogʻdorchilik ilmini oʻrganyapman. Nasib boʻlsa, yaqin yillar ichida bogʻimda yetilgan darmondorilarga boy mevalarni nafaqat ichki bozorda , balki xorijda ham tatib koʻrishadi.
Hurmatilloning yaxshi niyatlari qanot yozishi uchun oʻzi aytganiday, astoydil mehnat qilishi kerak. Asosiysi, u toʻgʻrilik, yaxshilik sari dadil qadam tashladi.
Avf etishni amalga oshirish boʻyicha Oliy Majlis Senati aʼzolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi, huquqni muhofaza qilish idoralari, hokimliklar bilan hamkorlikda afv etish aktining qoʻllanishi ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash va ozodlikka chiqqan fuqarolarni ijtimoiy himoyaga olish borasida tashkiliy-maʼrifiy ishlar olib borilmoqda. Jazoni ijro etish muassasalaridan afv etilayotgan shaxslarni profilaktik hisobga qoʻyish, koʻnikma markazi tomonidan moddiy yordam koʻrsatish, ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, bandligini taʼminlash va boshqa masalalar boʻyicha zarur vazifalar belgilab olingan. Salomatligidan shikoyat qilgan yoki biron kasallik aniqlangan shaxslarning davolanishiga, fuqarolik pasportini yoʻqotgan boʻlsa, uni qayta olishiga, shu kabi boshqa hayotiy masalalarda muammoga duch kelganlarga yaqindan koʻmaklashilyapti.