Hayotga umid va ishonch kuchaydi
Saidjon 5 yoshga to‘lmasidanoq shaxmat o‘ynamoqchi bo‘lardi. Mitti bolakayning shaxmatga qiziqishini anglagan ota-ona uning sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanishiga imkon yaratib berishdi.
Onasi Mahliyo Ziyoyevaning ta’kidlashicha, o‘g‘lining qiziqishlarini ko‘rib, uni Farg‘ona shahridagi shaxmat to‘garagiga olib borib, iste’dodli murabbiy Adhamjon Eminovga shogirdlikka berdi.
Keyinroq Farg‘onada Toshkent shaxmat akademiyasi filiali ochildi. Ayni damda Saidjon o‘z yosh toifasida shu akademiya o‘quvchisi hisoblanadi. Bugunga qadar Saidjon ko‘plab shahar va viloyat darajasidagi musobaqalarda ishtirok etib, shahar bosqichida ham, viloyat bosqichida ham 1-o‘rinni egalladi va respublika bosqichiga yo‘l oldi. Biroq kutilmaganda tobi qochib, shifoxonaga tushib qoldi, unga jigar xavfli o‘smasi tashxisi qo‘yildi va shu sabab musobaqaga bora olmadi.

Joriy yil 14 may kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurib, u yerda davolanayotgan bolalar bilan suhbatlashib, ularning ota-onalariga dalda berdi. Tashrif doirasida bolalar davlat rahbari bilan o‘z qiziqishlarini o‘rtoqlashib, ulardan biri sportning shaxmat turiga qiziqishini ma’lum qildi.

Prezident topshirig‘iga muvofiq ushbu shifoxonada davolanayotgan bolalarga shaxmat doskalari sovg‘a qilindi. Davlatimiz rahbarining bemor bolajonlarga atalgan sovg‘alarini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov topshirdi. Soha mutaxassislari bemor bolalar bilan birgalikda shaxmat o‘ynadi hamda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi 66 o‘ringa ega bo‘lib, afsuski, markazda Saidjon kabi bemor bolalar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Prezident bilan uchrashuv chog‘ida shaxmatga qiziqishi haqida aytgan Saidjon Salimjonov Farg‘ona shahridagi 28-maktabning 3-«A» sinfi o‘quvchisi bo‘lib, darslardan keyin shaxmat bilan shug‘ullangan va professional shaxmatchi bo‘lish haqida orzu qilgan. Shu o‘rinda, Saidjonning onasi Mahliyo Ziyoyeva shifokorlarga minnatdorchilik bildirib, o‘g‘lining operatsiyalari muvaffaqiyatli o‘tgani va hozir operatsiyadan keyingi davolanish muolajalari olinayotganini ma’lum qildi.

– Kecha hurmatli Yurtboshimiz shifoxonaga tashrif buyurdi, –deydi Mahliyo Ziyoyeva.–Mazkur tashrif bu yerdagi barcha bemor bolalar va onalarning qalblariga umid va quvonch olib keldi. Saidjon ham kechadan beri “Oyi, shaxmat haqidagi orzularim amalga oshyapti” deb behad xursand. Kasalligini ham unutib qo‘ydi. Mana bugun bizga Prezidentimiz nomidan professional shaxmat doskasi sovg‘a qilindi. Shaxmat bo‘yicha murabbiy biriktirishdi va o‘g‘limga shaxmat bo‘yicha barcha dasturlar jamlangan kompyuter ham sovg‘a qilishlarini eshitib, boshimiz ko‘kka yetdi. Yurtdoshimizga bunday e’tibor uchun mingdan ming rahmat. Nasib etsa, farzandim o‘zining sevimli mashg‘uloti shaxmat bilan shug‘ullanishni davom ettiradi hamda Osiyo va jahon chempionatlarida ishtirok etib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taradi, – deya qo‘shimcha qildi Saidjonning onasi ko‘zlariga yosh olib.
Markazda davolanayotganlar orasida shaxmatga qiziqadigan bolalar ko‘pchilikni tashkil qilar ekan.
Shulardan yana biri Jizzax viloyatidan kelgan – Jasurbek Abdug‘aniyev bo‘lib, u ham qiziqishi va orzulari bilan o‘rtoqlashdi.
– Shaxmat to‘garagiga ilk bor sinfdoshim bilan borganman, –deydi Jasurbek Abdug‘aniyev.–O‘sha vaqtdan boshlab shu sport turiga qiziqishim ortdi. Tuzalib ketsam, shaxmat bilan shug‘ullanishni davom ettirib, yaxshi o‘qib, yaxshi ishga joylashib, ota-onamga yordam berib, uy olish orzuim bor.
– Men futbolga qiziqaman, – deydi yana bir bemor – buxorolik Ozodbek Fayziyev.– Ispaniyaning «Barselona» klubi o‘yinlarini sevib tomosha qilaman. Katta bo‘lsam, ichki ishlar xodimi bo‘lishni, militsiya formasini kiyishni orzu qilaman.
Buxoroning Olot tumanidan kelib, markazda davolanayotgan Temurbek Botirov esa do‘stlari bilan sport maydonlariga borishni, u yerda turli jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishini aytdi.
Muxtasar aytganda, shifoxonadagi bolalarning qiziqishlari va orzulari bir olam. Bemor bolalar ota-onalarining ta’kidlashicha, davlat rahbarining tashrifidan keyin farzandlarining ertangi kunga bo‘lgan umid va ishonchlari yanada kuchaygan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA