Hayot sinovlari insonni charxlaydi
Prezidentimizning 2025 yil 8 maydagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijtimoiy hayotda muhim burilish nuqtasi bo‘ldi.
Ushbu farmon nogironligi bo‘lgan fuqarolarning mehnat qilish huquqini ta’minlash, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish va jamiyatda munosib o‘rin egallashlari uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yuqori Chirchiq tumanida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ibratli hisoblanadi. Sababi bu hududdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati natijasida yuzlab insonlar ish bilan ta’minlandi, o‘z orzu va maqsadlariga yetishiga zamin yaratildi.

Xususan, Chumchuqjar mahallasida yashovchi Amirxon G‘ulomqodirov bolaligidan bank sohasida faoliyat yuritishni orzu qilgan edi. Irodali yigitning orzusi amalga oshdi. Uning fikricha, nogironlik bu cheklov emas, balki hayotdagi sinovlarga qarshi kurasha olish qobiliyatidir.
Ittifoq mahallasida istiqomat qiluvchi sportchi Naima Iminjonova esa “Inson” markazi ko‘magida Bolalar va o‘smirlar sport maktabida murabbiy sifatida ish boshladi. U nafaqat yoshlarga sportning sirlarini o‘rgatmoqda, balki ular uchun hayotdagi namuna, iroda va shijoat timsoliga aylangan.

– Ishga joylashish biz uchun orzu sari yo‘l edi. Jamiyatda munosib o‘rin egallash, foyda keltirish imkoni berilishi esa katta baxt. Prezidentimiz tashabbusi va “Inson” markazi kabi tashkilotlar orqali bizning hayotimiz o‘zgarmoqda. Yurtimizda hech kim e’tibordan chetda qolmayapti. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati nafaqat ish bilan ta’minlash, balki insonlarning o‘z-o‘ziga ishonchi va jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda, – deydi Naima Iminjonova.
Chindan ham markaz orqali minglab yurtdoshlarimiz o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon etmoqda, hayotda o‘z o‘rnini topmoqda. Albatta, imkoniyatlar eshigi har doim ochiq. Faqat unga ishonch, intilish va unga dadil qadam bilan peshvoz chiqish lozim.
A.Musayev, O‘zA.