Hayit namozi Imom Buxoriy masjidida o‘qildi
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Samarqand viloyatida ham Qurbon hayiti keng nishonlanmoqda. Bugun tongda viloyatdagi 280 dan ortiq jome masjidida muborak Qurbon hayiti namozi o‘qildi.
Jumladan, Imom Buxoriy majmuasida minglab yurtdoshlarimiz, xorijdan kelgan mehmonlar hayit namozini ado etdi.
Namoz oldidan o‘tkazilgan ma’rifiy suhbatda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev yurtdoshlarimizni Qurbon hayiti bilan tabrikladi. Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik ta’minlangani haqida so‘z yuritdi.

Xususan, Qurbon hayiti arafasida Prezidentimizning aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etishga doir qarori qabul qilinib, minglab ko‘makka muhtoj, bemor va nogironligi bo‘lgan shaxslarni davolash choralari ko‘rilmoqda, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.

Qurbon hayitining muhim amallaridan biri mo‘min-musulmonlarning muqaddas Haj ziyoratini amalga oshirishlari hisoblanadi. Ayni paytda minglab yurtdoshlarimiz qatorida 940 nafardan ortiq samarqandliklar ham Saudiya Arabistonida davlatimizning e’tibor va g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lgan holda Haj ibodatini bajarmoqda.

Namozga jam bo‘lgan vatandoshlarimiz va mehmonlar yurtimizga ravnaq, xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik so‘rab duolar qildi.
Qurbon hayiti munosabati bilan viloyatdagi saxovat va muruvvat uylari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yozilmoqda. Ziyoratgohlar va diniy ta’lim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari