Bugungi raqamli texnologiyalar ravnaq topib borayotgan bir davrda sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda ham Prezidentimiz tashabbusi asosida sun’iy intellekt milliy modelini ishlab chiqish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yurtimizning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanayotgan dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishish jarayonini jadallashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi “Hukumat soati”da sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning axboroti eshitildi.
Vazirning ma’lum qilishicha, 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiya doirasida ma’lumotlarni qayta ishlash va sun’iy intellekt asosidagi loyihalarni amalga oshirish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish ishlari olib borilmoqda. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratilgan mablag‘lar “katta ma’lumotlar” (Big Data) bazasini shakllantirish, hisoblash klasterlari, grafik ishlov berish bloklari va zamonaviy serverlarni joriy etishga yo‘naltirilmoqda. Mazkur infratuzilma orqali sun’iy intellekt sohasida o‘nlab ustuvor loyihalarni amalga oshirish va mamlakatimizning texnologik jihatdan mustaqilligini ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Ayni paytda mamlakatimizda “katta ma’lumotlar” bazasini yaratish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘yilgan. Hozirda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 15 ta tashkilotdan ma’lumotlar yig‘ib borilmoqda. Elektron hukumat tizimi asosida 90 mingga yaqin ma’lumotlar to‘plami shakllantirilgan. Jumladan, o‘zbek tilidagi “katta til modeli”ni yaratish maqsadida 10 milliard so‘zdan iborat o‘zbek tili korpusi tuzish ishlari olib borilmoqda. Mazkur o‘zbek tilidagi ma’lumotlar kitoblar, maqolalar, o‘quv va ilmiy nashrlar, shuningdek, boshqa elektron shakldagi materiallarni o‘z ichiga oladi.

Qayd etilganidek, 2025-2026 yillarda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha jami 64 ta, vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha 22 ta ustuvor loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan. Bu loyihalar sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, sud-huquq, moliya, soliq va bojxona sohalarini qamrab oladi.
Masalan, tibbiyot sohasida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali kasalliklarga o‘z vaqtida tashxis qo‘yish mumkin bo‘ladi. Yoxud shaharlararo avtobus haydovchilarining uxlab qolishi yoki chalg‘ishi holatlarini sun’iy intellekt orqali aniqlash, davlat xaridlarida shubhali shartnomalarni avtomatik tahlil qilish, elektr energiyasi yuklamalarini prognozlash, sud xarajatlarini hisoblash kabi vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur vazifalarning amalga oshirilishi kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ortiqcha xarajatlar va iqtisodiy kon’yunkturadagi salbiy o‘zgarishlarni oldindan aniqlash imkoniyatini beradi.
“Hukumat soati”da Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha kadrlar salohiyatini rivojlantirish borasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Vazir qayd etganidek, davlat rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, 2030 yilga qadar sun’iy intellekt sohasida kamida 1000 nafar yuqori malakali mutaxassis tayyorlash vazifasi qo‘yilgan. 2024/2025 o‘quv yilida mazkur yo‘nalishda kadrlar tayyorlash bo‘yicha jami 13 ta oliy ta’lim muassasasida 1 ming 050 ta o‘rin ajratilgan. Shu bilan birga, “Bir million o‘zbek sun’iy intellekt foydalanuvchilari” loyihasi doirasida omp.aistudy.uz platformasi orqali keng jamoatchilik uchun onlayn ta’lim imkoniyatlari yaratilgan.
Muhokama va savol-javoblar davomida deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladilar. Shuningdek, 2026 yilda sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etish hamda qonun ijodkorligi jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha 2026-2029 yillarga mo‘ljallangan amaliy ish rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA