Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 dona 18 metrli va 500 dona 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 dona 12 metrli elektrobuslar xarid qilish belgilangan.
Shu munosabat bilan «Toshshahartransxizmat» AJ «D» toifali haydovchilik guvohnomasiga ega haydovchilarni ishga qabul qilmoqda. Xususan, «D» toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan ammo «B» va “C” toifali haydovchilik guvohnomasi hamda 3 yillik haydovchilik tajribasi bor fuqarolar «Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan maxsus o‘qitilmoqda hamda ish bilan ta’minlanmoqda.

«D» toifali haydovchilik guvohnomasiga o‘qitish jarayonlari 2 bosqichda olib borilib, 1- bosqichda «O‘quv ishlab chiqarish» MCHJning malakali ustozlari tomonidan nazariy bilimlar berilsa, 2-bosqichda maxsus mashq maydonida amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Ushbu mashq maydonlari «Toshshahartransxizmat» AJ tashabbusi bilan tashkil etilib, poytaxt jamoat transporti tarkibidagi eng so‘nggi rusumdagi SAZ LE 60 va MAN rusumli avtobuslar o‘quv mashqlarini bajarish uchun «Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan maxsus ajratildi. Hozirda, 76 nafar haydovchi o‘quv-kursida o‘qitilmoqda. Ularga har oy 920 ming so‘mdan stipendiya berib borilmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA