Shu kunlarda Suriya oxirgi 4 yil ichidagi eng jiddiy to‘qnashuvni boshdan kechirmoqda. Quroli guruhlar Prezident Bashar Asad armiyasi va rossiyalik harbiylarga hujum qilib, bir necha aholi manzilini egallab oldi.
Ma’lumki, 2020 yil ushbu mamlakat shimoli-g‘arbida keskin urushni to‘xtatish masalasi ko‘rilgan edi. O‘shanda kim qaysi hududni egallagan bo‘lsa, o‘sha joyda to‘xtashi va muammo diplomatik yo‘l bilan bartaraf qilinmaguncha, muayyan hududni o‘zida saqlab qolishi ko‘zda tutilgan. Har bir tomon tegishli majburiyat va mas’uliyatni zimmasiga olgan.
“Idlib shahri atrofini nazorat qilib kelgan “Al-Qoida”ga aloqador “Hay’at tahrir Ash-Shom” qanday guruh?” degan savolga javoban BBC quyidagi ma’lumotlarni keltirgan:
“Hay‘at tahrir Ash-Shom” (HTSH) yoki “Levantni ozod etish tashkiloti”ga 2011 yil asos solingan. O‘shanda “Jabhat An-Nusra” (An-Nusra fronti) deb atalgan guruh “Al-Qoida” tashkilotining bevosita hamkori bo‘lgan. Keyinchalik ISHID rahbariga aylangan Abu Bakr Al-Bag‘dodiy tuzilma asoschilaridan biri hisoblanadi.
HTSH fuqarolik urushi davrida Asadga qarshi chiqqan eng xavfli guruhlardan biri. Binobarin, jamoa mafkurasi inqilobiy jo‘shqinlikdan ko‘ra, ozod Suriya bayrog‘i ostida harakatlanuvchi isyonchilarning asosiy koalitsiyasi niyatiga zid kelardi.
2016 yil guruh rahbari Abu Muhammad Al-Julaniy terrorchi tamg‘asidan xalos bo‘lish uchun oshkora tarzda “Al-Qoida”dan ajralib chiqib, “Jabhat An-Nusra”ni tarqatib yubordi va yangi tashkilot tuzdi. Oradan bir yil o‘tib, shu kabi kichik jamoalar bilan birlashgan holda “Hayot tahrir Ash-Shom” nomini oldi.
“Al-Qoida”ning Suriya va Livandagi bo‘limi sanalgan “Jabhat An-Nusra” xalqaro islomiy tashkiloti 2012 yil 23 yanvarda fuqarolar urushi asnosida paydo bo‘lgan. BMT va ko‘plab davlatlar tomonidan terror tashkiloti sifatida tan olingan.
Suriya kimning nazoratida?
So‘nggi to‘rt yil mobaynida Suriyadagi urush mohiyatan tugagandek ko‘ringandi.
Prezident Bashar Asad mamlakatning yirik shaharlarini nazorat qilayotgandi. Ayrim chekka tumanlargina unga bo‘ysunmaydi. Bunday hududlar sirasiga kurdlar ko‘pchilikni tashkil etadigan sharqiy manzillar ham kiradi. Bu mintaqalar mojaro boshlangan davrdan buyon hukumat nazoratida emas.
Suriya janubi – 2011 yil Asad boshqaruviga qarshi inqilobiy ko‘tarilish boshlangan hududda, avvalgidek faol bo‘lmasa-da, tartibsizlik yuz berib turadi. Mamlakatning keng sahrolarida hamon ISHIDga tegishli yashirin uyalar mavjud. Shimoli-g‘arbdagi Idlib viloyati esa to‘liq muxolifat qo‘lida, chunki ular urush yakunida shu hududga siqib chiqarilgan.
Idlibdagi asosiy kuch aynan kutilmaganda Halabga yurish qilgan HTSH hisoblanadi.

Shafqatsiz ichki kurash
Hukumat viloyat ustidan nazoratni tiklashga urinarkan, Idlib bir necha yil mobaynida jang maydoni bo‘lib keldi.
2020 yil Asadning ko‘p yillik ittifoqchisi Rossiya va isyonchilarni qo‘llovchi Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Shu vaqtga qadar o‘sha bitimga amal qilib kelinayotgandi.
Idlibda 4 million kishi istiqomat qiladi. Aholining asosiy qismi Asad kuchlari vayrongarchilik urushida isyonchilardan qaytarib olgan shaharlarni tark etgan. Shunday qonli jang manzillaridan biri – Halabda eng yirik mag‘lubiyat qabul qilib olingan.
G‘alaba yo‘lida Asad havo bo‘ylab Rossiya aviatsiyasiga, quruqlik uzra Eron ta’siridagi kuchlarga tayandi. Bu safda Livandagi “Hizbulloh” ham bor.
Oxirgi bir necha oy davomida Isroilning Livanga yurishi natijasida “Hizbulloh” olgan halokatli zarbalar, shuningdek Suriyadagi eronlik qo‘mondonlarga yo‘llangan havo hujumlari Idlibdagi isyonchi kuchlar Xalobda to‘satdan muvaffaqiyatli hujum amalga oshirishi uchun qulay sharoit yaratdi.
26 noyabr kuni Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, keyin Prezident Jo Bayden Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi.
“Hizbulloh” mojaroda hukumat qo‘shini tomonida turgan Eron bilan ham, Bashar Asad rejimi bilan ham yaqin aloqada. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, Suriyadagi urush davrida “Hizbulloh” Asadga, harbiylarning aniq sonini aniqlash imkonsiz bo‘lsa-da, 10 minggacha askar bergani aytiladi.
Hozir “Hizbulloh”ning imkoniyati juda kam. Qachonki, Isroil bilan uzoq muddatli sulh tuzilsagina, harakat kuchini tiklab olishi mumkin. AQSHning Suriyadagi so‘nggi elchisi Robert Ford Isroilning Suriya va “Hizbulloh” ob’ektlariga bir necha oy davomida yo‘llangan zarbalari isyonchilar oldinga siljishi uchun imkon beruvchi omilligini ta’kidlaydi.
AQSHdagi Yaqin Sharq instituti Suriya bo‘yicha tahlilchisi Charlz Listerning fikricha, Rossiya ham, Turkiya ham mojaroga kirishishi xavfi mavjud: har ikkisining mintaqada o‘z manfaati bor. 30 noyabr kuni RF TIV ikki davlat yetakchi diplomatlari telefon orqali muloqot qilib, “Suriyadagi joriy vaziyatni muhokama qilgani”ni bildirdi.
– Har ikki tomon Halob va Idlib viloyatlaridagi harbiy eskalatsiya tufayli vaziyat xavfli rivojlanishidan jiddiy xavotir bildirdi, – deyilgan RF TIV matbuot xabarnomasida.
Lister qo‘shimcha qilishicha, yana bir xavf – ISHID aralashuvi, chunki bu guruh sodir bo‘layotgan voqealarda mintaqaga to‘liq qaytish imkoniyatini ko‘radi. ISHID Suriyadagi so‘nggi platsdarmini 2019 yil boy bergan. Shu bilan birga mamlakatda tashkilotning uyqudagi yacheykalari qolgan.
HTSH jangarilari Idlibda mustahkam tayanch hudud yaratishdi va amalda ma’muriyat vazifasini bajarishdi. Viloyatdagi boshqa guruhlar bilan kechgan shiddatli janglarda ishtirok etdi. Baribir, tuzilmaning asl niyati noaniqligicha qolayotgandi.
“Al-Qoida” bilan aloqani uzgach, guruhning maqsadi butun mintaqada xalifalik tuzish emasligi (ISHIDning ham bunday urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan), faqat Suriyaning o‘zida diniy boshqaruv o‘rnatish bilan cheklanishi ayonlashayotgandek.
Hozirga qadar HTSH ziddiyatni keng miqyosda qayta qo‘zg‘atish, mamlakatning katta qismi bo‘ylab Asad boshqaruviga qarshi yana tahdid solishga urinish niyatini yuzaga chiqarmagandi. So‘nggi kunlardagi voqealar hammasini o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Muharrama Pirmatova, O‘zA