Havo ifloslanishi suitsid xavfini oshiradimi?
Havo ifloslanishining qisqa va uzoq muddatli ta’siri insonda suitsidga oid fikrlar paydo bo‘lishi va o‘z joniga qasd qilish oqibatida vafot etish xavfini oshirishi mumkin ekan. “Journal of Epidemiology & Community Health” jurnalida chop etilgan yangi tahlilda PM2.5 va PM10-mayda zarrachalariga qisqa muddat, shuningdek azot dioksidi (NO₂) va PM2.5 ta’siriga davomiy duch kelish suitsidga urinish, suitsidal fikr yoki o‘lim xavfi bilan bog‘liqligi aniqlangan. Tadqiqotchilar havo, shovqin, yorug‘lik va suv ifloslanishining inson ruhiyatiga ehtimoliy ta’siri o‘rganilgan 40 dan ziyod tadqiqot natijasini tahlil qilgan.
Olimlar atrof-muhit omili va suitsid xavfi o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqlikni organizmdagi yallig‘lanish, neyrotoksik ta’sir va miya faoliyatidagi o‘zgarish bilan izohlamoqda. Transport va boshqa manbalardan kelib chiqadigan shovqin hamda sun’iy yorug‘lik esa uyqu va sirkad ritm buzilishi orqali stress darajasiga ta’sir qiladi. Izlanuvchilari ifloslanishni suitsidal xulq-atvorning bevosita sababi sifatida ko‘rsatmay, o‘z joniga qasd qilishga olib keluvchi omillar shaxsiy, biologik, ijtimoiy va madaniy sabablarni qamrab olgan murakkab jarayon ekanini ta’kidlangan.
Mutaxassislar ekologik sharoitni suitsid xavfini shakllantiruvchi omillardan biri sifatida chuqurroq o‘rganish zarurligini qayd etmoqda. Ayniqsa, havo va suv sifati past, yashash sharoiti og‘ir, kundalik stress va ijtimoiy tengsizlik yuqori hududlarda ekologik va ijtimoiy omillar bir-birini kuchaytiradi.
Dunyo bo‘ylab har yili 720 000 dan ko‘p inson suitsid oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Yevropa Ittifoqi hududida 2023-yil o‘z joniga qasd qilish oqibatida 48 000 dan ziyod o‘lim holati qayd etilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA