Xabaringiz bor, so‘nggi yillarda Toshkent havo ifloslanishi bo‘yicha eng yuqori reytinglarni egalladi.
Hattoki, 2022 yilning 17 oktyabr oqshomida Toshkent shahri havoning iflosligi bo‘yicha IQAir reytingida Dehlini ham ortda qoldirib, dunyoda birinchi o‘ringa chiqqan edi.
Bunga daraxtlarni kesish holatlari, pala-partish qurilishlar hamda shaharda avtomobillar ko‘payib borayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Xo‘sh, joriy yilning noyabr oyi boshida poytaxtda havo ko‘rsatkichi qanday bo‘ldi?
– 2023 yilning noyabr oyi boshida havo ifloslanishi bo‘yicha Toshkent shahrining o‘rni 10 hamda 20 talik orasida o‘zgarib turibdi, – deydi "O‘zgidromet" bo‘lim boshlig‘i Humoyun Mag‘ripov. – Misol uchun, bugun 6 noyabr kuni ertalabki soat 10:00 dagi kuzatishlarga ko‘ra poytaxt havo ifloslanishi bo‘yicha 7-o‘rinni egallagan.
Bu yerda ko‘proq o‘ringa emas, ifloslik darajasiga ham e’tibor berish kerak. Ifloslanish darajasi 150 ni ko‘rsatib turibdi.
– Bunday holatlarning ko‘payishiga sabab nima?
– Fikrimcha, so‘nggi yillarda bunday holatlarning ko‘payishiga cho‘llanish sabab bo‘lmoqda. Masalan, O‘zbekistonning katta qismi tekisliklardan iborat. O‘sha hududlardan ko‘tarilgan changlar Toshkent shahri va boshqa tog‘li hududlardagi aholi punktlariga ham yetib boradi.
Havoning ifloslanish darajasi har daqiqada o‘zgarib turadigan hodisa. Toshkent shahri 7-o‘rinda turgani nisbiy holat. Ya’ni, bir necha daqiqa yoki bir necha soatning o‘zida o‘zgarib ketishi, qaysidir shahar bizdan yuqoriga ko‘tarilib, Toshkent 50-o‘ringa tushib ketishi, yog‘ingarchilik kuzatilsa, Toshkent shahri yashil darajaga ko‘tarilishi mumkin. Chunki yomg‘ir yog‘sa atmosferadagi zararli changlarning hammasi yerga tushadi.
– Oktyabr oyida natijalar qanday bo‘ldi?
– 17-19 oktyabr oralig‘ida ham Toshkent shahrida havoda chang hodisasi kuzatilgan edi. Bunday hodisalarning sabablarini ikki xil mahalliy va mintaqaviy toifaga bo‘lamiz. Mahalliy toifaga shahar hududida olib borilayotgan turli xil qurilish yoki avtomobillardan chiqadigan gazlar, sanoat korxonalari yoki yashil hududlarning qisqarib borishi tufayli chang massalarining yanada qo‘zg‘alishi osonlashishini kiritish mumkin.
Mintaqaviyga esa, biz mutaxassislar, cho‘llanishni misol qilib ko‘rsatamiz. Bu butun dunyoda iqlim o‘zgarishi oqibatida yuz beradi. Masalan, bir yil oldin Qozog‘iston hududidan kirib kelgan yoki Turkmaniston, Shimoliy Afg‘onistondan ko‘tarilgan changlarni misol qilib ko‘rsatsa bo‘ladi. Nisbatan ularning konsentratsiyasi yuqori, ko‘rinuvchanlikni qisqartirib yuboradigan changlar. Hozirda Toshkentda kuzatiladigan holat bu tipga kirmaydi. Bu mahalliy darajadagi chang hodisasidir.
Nigora Rahmonova,
O‘zA