Hashar – xalqimizning betakror qadriyati. U chor-atrofni yanada obod, pokiza bo‘lishida alohida ahamiyat kasb etishi bilan birga, odamlarda yakdillik, o‘zgalarga ko‘mak qo‘lini uzatish, hamjihatlik, ahillik kabi fazilatlarning yanada kuchayishiga, mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan hashar bu yil o‘zgacha ruhda tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi axborot xizmati rahbari Jobir Asqarov bu haqda quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Darhaqiqat, mamlakatimizda ajdodlardan avlodga o‘tib kelayotgan milliy qadriyatimiz – hashar tadbirlari xalqimiz orasida birdamlik, mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Joriy yilda ham Vazirlar Mahkamasining 6-martdagi farmoyishi bilan umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish belgilandi.
Bu yilgi umumxalq xayriya hashari juda ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda. Zero, Navro‘z bayrami arafasida hamda ozodalik va poklik oyi bo‘lgan muborak Ramazon oyida bo‘layotgan mazkur hashar xayrli ishlarga poydevor bo‘ladi.

Shu maqsadida 16-18-mart kunlari “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari tashkil etilmoqda. Har yili mamlakatimizda umumxalq bayramlari arafasida xayriya hashari o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.
Mazkur an’analarimiz orqali yoshlar ongiga hamjihatlik, obodlik va yaratuvchanlik g‘oyalarini chuqur singdirish, o‘z uyini, mahallasini, ish joyini toza, ozoda saqlash, uning obod bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shish kabi tuyg‘ularni shakllantirish mana shunday tadbirlar orqali amalga oshiriladi.
Bugungi kunda har bir viloyat va tuman (shahar)da hokimlarning qurilish, kommunal, ijtimoiy soha yo‘nalishdagi o‘rinbosarlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Ekologiya, Uy-joy kommunal xo‘jaligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi, Ichki ishlar vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbarlaridan iborat Shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, mahallalarda “yettilik” a’zolari, maktab va bog‘cha mudirlari va qishloq vrachlik punktlari bosh shifokori, uy boshi va ko‘chaboshilar, boshqaruv servis kompaniyalari, mahallada obro‘ e’tiborga ega vakillardan iborat Ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Bu yilgi hashar tadbirida “Mahalla yettiligi” o‘z mahallasi obodligiga jiddiy e’tibor qaratadi.
Umumxalq xayriya hasharini uyushqoqlik bilan o‘tkazishda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilishi belgilab olindi. Jumladan, hashar tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida har bir mahallada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Hashar kunlari mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli turar joylar hamda hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar hamda bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi.
Ijtimoiy soha obyektlari, korxona va tashkilotlar va boshqa tadbirkorlik obyektlari atroflari obodonlashtiriladi va ko‘kalamzorlashtiriladi. Qabriston, masjid va muqaddas qadamjolar obodonlashtiriladi. Ariqlar, tomorqa va yo‘laklar tozalanadi, maishiy chiqindilar chiqarib tashlanadi, dehqon va buyum bozorlari hududlari hamda ularning atroflari tozalanadi, binolari oqlanadi va rang beriladi, daraxt va butalarga shakl beriladi, qurigan daraxt shoxlari kesiladi.
Bundan tashqari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda “Mahallamga 10 tup daraxt – mening tuhfam” shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda iqlim sharoitiga mos hamda sug‘orish tizimini hisobga olgan holda daraxt ko‘chatlari ekish ishlari tashkil etiladi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joiz, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yashil yillik” umummilliy loyihasi doirasida butun O‘zbekiston bo‘ylab mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari aholiga bepul tarqatilishi belgilangan.
Shuningdek, umumxalq hashari davomida har bir mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qatlamiga yordamlar ko‘rsatishga qaratilgan ishlar “ko‘chabay”, “xonadonbay” asosida shakllantirildi va unga “mahalla yettiligi” a’zolari va ko‘cha, uy boshilar biriktiriladi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning ro‘yxatini shakllantirib, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan uy-joy sharoitlarini yaxshilash va moddiy yordam ko‘rsatish ishlarini amalga oshiradi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerak, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi o‘zaro hamkorlikda xayriya hasharini o‘tkazishga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqaruv servis kompaniyalari, shuningdek respublikaning barcha aholisi, yoshlarni jalb etishda ixtiyoriylikni ta’minlaydi.
Nazokat Usmonova yozib oldi.
O‘zA