Kecha Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tayotgan yozgi olimpiada o‘yinlarida Andijonning chekka Buloqboshi tumani, Kulla qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Hasanboy Do‘smatov boks bo‘yicha 51 kilogramm vazn toifasida g‘olib chiqib, ikkinchi bor olimpiada chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi. Hasanboy ushbu g‘alabasi bilan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasiga uchinchi oltin medalni olib berdi.
Kecha tunda Hasanboy Do‘smatovning musobaqa finalida fransiyalik Billal Bennama bilan o‘tkazgan uchrashuvini uning xonadonida ota-onasi, yaqinlari bilan birga Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, yuzlab boks muxlislari birga tomosha qildi. Hasanboyning g‘alabasini birgalikda nishonlashdi. Umuman, ushbu tarixiy g‘alabani butun O‘zbekiston ahli katta shodiyona bilan kutib oldi.
Olimpiadaning boks musobaqalarida eng kichik vazn toifasida ishtirok etgan Hasanboy Do‘smatov final oldida kubalik Devid de Pineni mag‘lub etdi. U hal qiluvchi bellashuvda musobaqa mezboni fransiyalik Billal Bennamadaн ustun keldi. Umumiy natijalar bo‘yicha 5:0 hisobida yutuqqa erishib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Bokschimizning texnik, taktik, jismoniy va ruhiy tayyorgarligi raqibidan ancha yuqori edi. U hujumda ham, himoyada ham raqibidan ancha aniq harakat qildi. Ushbu g‘alaba bilan Hasanboy dunyoga o‘zbek sportchilari nimalarga qodir ekanligini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
– Hasanboyning yutug‘i bejiz emas albatta, – deydi u istiqomat qilayotgan Buloqboshi tumanidagi Rivoj mahallasida yashovchi mehnat faxriysi, boks ishqibozi Abdumalik Jumanazarov. – Bu yurtimizda, xususan, chekka chekka qishloqlarda ham muhtaram yurtboshimiz rahnamoligida sportga, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi samarasidir.
Darhaqiqat, Hasanboy 5 yoshidan o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kulla qishlog‘idagi karate va kikboksing to‘garaklariga qatnadi. Birinchi ustozi Alimardon Zufarov rahbarligidagi mashg‘ulotlarda Hasanboy o‘z mahoratini, tajribasini oshirish borasida izlanar, tinimsiz mashq qilar edi. Hali yosh bo‘lsa-da, tuman, viloyat musobaqalarida ko‘p bor g‘olib chiqdi.
Ustozi Hasanboyning ota-onasiga endi u maxsus maktablarda mashg‘ulotlarni davom ettirishi kerak ekanligini aytganida, buvisi Buoyshaxon Hayitboyeva nabirasini Andijon olimpiya zaxiralari kollejining bolalar sport bo‘limiga olib keladi. Uning chiqishlarini ko‘rikdan o‘tkazgan murabbiylar hech ikkilanmasdan uni maktabga qabul qiladi. O‘shanda u endigina 12 yoshga to‘lgan edi. Mashg‘ulotlarda astoydil qatnashdi, boksning texnikasi, nozik jihatlarini puxta o‘rganishga intildi. Bir yil o‘tmayoq u bolalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi.
Andijon olimpiya zaxiralari kollejini muvaffaqiyatli tamomlagan Hasanboy Andijon davlat universitetiga imtiyozli tarzda qabul qilindi. Andijon boks maktabining mohir tarbiyalanuvchilaridan biri bo‘lgan Hasanboy olimpiada chempionligiga qadar bir necha bor O‘zbekiston chempionligini, Osiyo o‘yinlari, Butunjahon universiadasi va boshqa ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi sifatida ham o‘zini ko‘rsata olgan.
Darhaqiqat, doimiy ravishda mahoratini oshirib borayotgan, qolaversa, mehnatsevarligi, tirishqoqligi, o‘ziga bo‘lgan ishonchning kuchliligi tufayli Hasanboy yuksak cho‘qqilarni zabt etib, oddiy bir qishloq yigiti nimalarga qodir ekanligini amalda ko‘rsata oldi.
Dadasi Ma’rufjon fermer xo‘jaligida oddiy suvchi, onasi Dilnozaxon esa Buloqboshi tumanidagi 9-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Hasanboyning Islombek, Faryozbek ismli ukalari ham sport bilan shug‘ullanadi. Bugun ushbu oilada voyaga yetgan Hasanboy bilan nafaqat yaqinlari, andijonliklar, butun O‘zbekiston ahli haqli ravishda faxrlanadi. Chunki u jahondagi eng nufuzli sport o‘yinlarida yurtimiz bayrog‘ini, O‘zbekiston shuhratini ikkinchi bor yuksaklarga ko‘tardi.
– Oddiy dehqonning farzandi, mahalladoshimiz Hasanboyning yurtimiz shuhratini ko‘klarga ko‘targanidan quvonmay bo‘ladimi, – deydi “Rivoj” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mahliyo Nurmatova quvonchini yashira olmay. – Mana shunday farzandlarimiz borligidan, o‘zbekning mana shunday o‘g‘loni borligidan faxrlanaman.
– Ko‘plab musobaqalarga ketishdan avval, oila davrasida men albatta, yutib kelaman der edi va so‘zini ustidan chiqardi, – deydi onasi Onasi Dilnozaxon Hayitboyeva. – Davlatimiz rahbarining o‘g‘lim kabi yoshlarni o‘z farzandlarim deb, qo‘llab-quvvatlayotganligidan, ularga keng imkoniyatlar eshigi ochib berilayotganidan quvonmay bo‘ladimi? Yaratib berilgan sharoitlar, rag‘bat tufayli ham o‘g‘lim, qolaversa, u kabi juda ko‘p yoshlar ana shunday yuksak natijalarga erishmoqda. Buning uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
El-yurt ishonchini qozongan Hasanboydagi shijoat, fidoiylik, Vatanga muhabbat, xalqaro maydonlarda yurtimiz shuhratini yanada oshirishga bo‘lgan kuchli ishtiyoq uning ana shunday yuksak marrani ikkinchi bor zabt etishiga zamin bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz bundan to‘rt yil avval Braziliyaning Rio-de Janero shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi olimpiada o‘yinlari boks musobaqasining finalida Hasanboy Do‘smatov 49 kilogramm vazn toifasida kolumbiyalik Yuberxen Martines Rivasdan ustun kelib, birinchi bor olimpiada chempionligini qo‘lga kiritgan edi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari