Harbiylarning farzandlari oromgohlarga kuzatildi
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Termiz, Kakaydi va Hayrabod garnizonlarida xizmat qilayotgan bir guruh harbiylarning oltmishga yaqin farzandi imtiyozli yo‘llanma asosida Toshkent viloyatidagi "Tong" va Samarqand viloyatidagi Ya.Tursunov nomli sog‘lomlashtirish oromgohlariga tantanali kuzatildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilib, har taraflama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Uyga muhtoj oilalar belgilangan tartibda turar-joy bilan ta’minlanmoqda. Vatan himoyachilarining o‘g‘il-qizlari uchun oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim yo‘nalishlariga davlat granti asosida belgilangan umumiy qabul kvotalarining besh foizi miqdorida davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul kvotalari ajratilayotir.
Harbiylar va ularning oila-a’zolari salomatligini ta’minlash yuzasidan zarur sharoit yaratilgan. Qurolli Kuchlarimizda yo‘lga qo‘yilgan kuchli ijtimoiy himoya ofitser va askarlarning oilasidan ko‘ngli xotirjam professional tayyorgarligini oshirib, xizmat sifatini ta’minlashga puxta zamin yaratmoqda. Osoyishta hayotimiz posbonlarining harbiy xizmatga bo‘lgan yondashuvini tubdan o‘zgartirib, ong-shuurida Vatanni himoya qilishdek sharafli burchdan faxrlanish tuyg‘usini mustahkamlayotir.
Termiz temir yo‘l vokzalidan yo‘lga chiqqan o‘g‘il-qizlarning oromgohda miriqib dam olishi, salomatligini tiklashi uchun har bir yo‘llanma qiymatining 70 foizi Mudofaa vazirligi tomonidan qoplab berildi. 30 foiz mablag‘ni harbiy xizmatchilarning o‘zlari to‘laydi.
–Dadam harbiy bo‘lganidan faxr-iftixor hissini tuyaman, – deydi Termiz garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchisi, podpolkovnik Suxrob Yuldoshevning o‘g‘li Samoyiddin Saypiddinov. – O‘zim Termiz shahridagi 3-maktabning oltinchi sinfida o‘qiyman. Mana, bir guruh Vatan himoyachilarining farzandlari so‘lim oromgohda dam olishga jo‘nayapmiz. Bunday e’tibor bizni kelajakda yanada yaxshi o‘qib, yurtga sodiq farzand bo‘lishga undaydi. Albatta, oromgohda miriqib hordiq chiqarish barobarida yangi do‘stlar topib, ular bilan fikr almashamiz. Turli musobaqalarda bellashib, ma’nan va jismonan chiniqamiz.
Bolajonlarni tantanali kuzatish marosimida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qo‘mondonligi mas’ul ofitserlari, harbiy qism komandirlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, dam olishga otlangan o‘g‘il-qizlarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Termiz garnizoni harbiy orkestri ona Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari bilan barchaga bir olam quvonch ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA