Harbiylarga xizmat uylari topshirildi
Xorazm viloyati Shovot tumanida joylashgan harbiy qismlarning birida sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlayotgan chegarachi o‘g‘lonlar va ularning oila a’zolari uchun yangi xizmat xonadonlari foydalanishga topshirildi .
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Viloyat hokimi chegarachilarning mashaqqatli va shu bilan birga sharafli xizmatlarini yuqori baholab, ularning oila a’zolari bilan birgalikda munosib tarzda, tinch-totuv istiqomat qilishi hamda yurt himoyasi yo‘lida samarali faoliyat olib borishi uchun davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratilayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.
Uy hovlisida bayram shukuhi. Bir - biriga jo‘r bo‘layotgan karnay-surnay ohanglari ostida ortda qolgan yillar sarhisobi-yu kecha va bugunni qiyosiy taqqoslash imkoniga ega bo‘lgan faxriylar ham o‘z so‘zlarida mamlakatimizda harbiylarning ijtimoiy himoyasini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar havas qilarli darajada ekanini alohida e’tirof etdilar.
—Ma’lumki, so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni boshchiligida o‘z burchini sidqidildan ado etayotgan yurt himoyachilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratilib, amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida harbiy xizmatchilarni zamon talablari asosida barpo etilayotgan uy-joylar bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, —deydi mexnat faxriysi Rahimboy Matrasulov.
—Ana shunday bunyodkorlik va yaratuvchanlikni bugun mana shu xizmat uylari misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Zamonaviy loyihalar asosida bunyod etilgan mazkur inshoot shinam va barcha qulayliklarga egaligi bilan e’tiborli.
—8 dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi bayrami arafasida xizmat xonadonlarining kalitlari topshirilganidan juda xursandmiz, —deydi harbiy xizmatchi Abbos Muzaffarov.
— Bu yuksak e’tibor o‘z o‘rnida bizda Vatanimizning har qarich tuprog‘ini ko‘z qorachig‘imizdek asrab-avaylash, yurt tinchligi va xalqimiz farovonligini ta’minlash mas’uliyatini yanada orttiradi.
[gallery-26605]
Albatta, bunday baxt qo‘rg‘onlari harbiylarimizning kuchiga kuch qo‘shib, sergakligini yanada mustahkamlaydi. Oila bekalarining kundalik hayotini yengillashtirib, farzandlarining bekam-u ko‘st kamol topishlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari