Harbiylar farzandlari imtiyozli tavsiyanomaga ega bo‘ldi
Termiz shahridagi Yoshlar markazida Mudofaa vazirligining Termiz, Kakaydi, Xayrabod garnizonlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilari farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar tantanali topshirildi.
Prezidentimizning 2018-yil 14-maydagi "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar farzandlari uchun oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabulda 5 foizli alohida kvota ajratilgan. Shuningdek, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga tanlovsiz qabul qilish bo‘yicha tavsiyanomalar berish tartibi joriy etilgan.

Shunga muvofiq tantanali tadbirda 52 nafar yigit-qiz besh foizli kvota asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomaga ega bo‘ldi. Ularni topshirish marosimida keyingi yillarda mamlakatimizda harbiylar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, ularga ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritildi. Yoshlarning kelgusidagi o‘qish va hayot yo‘liga omad tilandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA