O‘zbekiston Respublikasi Qurolli mojarolar va terorizimga qarshi “Vatan” faxriylar fondi va Mudofaa vazirligi Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, yakka yolg‘iz qariyalar holidan xabar olib, ularga hayit bayrami qurbonliklari ulashdi.
Qurbon hayiti munosabati bilan yurtimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, imkoniyati cheklangan, oilasida nogionligi bo‘lgan, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular holidan xabar olinib, moddiy, ma’naviy va amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli mojarolar va terorizimga qarshi “Vatan” faxriylar fondi ommaviy tashkiliy ishlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Botir Sodiqov hamda Mudofaa vazirligi Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Shuhrat Safarovlar boshchiligida bir guruh harbiy xizmatchilar hamkorligida Arnasoy tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘ngli o‘ksik fuqarolarga xayr saxovat ko‘rsatildi.
Jumladan, tadbir tashkilotchilari uyma-uy yurib, boquvchisini yo‘qotganlar, kam ta’minlangan, ehtiyojmand, o‘zgalar qaroviga muhtoj, yakka-yolg‘iz qariyalar, oilasida nogironligi bo‘lgan oilalar holidan xabar olib, qurbonlikka atalgan go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Bir guruh harbiy xizmatchilar taqdirlandi. Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi qurilish va bunyodkorlik ishlarda faollik ko‘rsatgan bir guruh Mudofaa vazirligi Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi askarlariga “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun” medallari tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli mojarolar va terorizimga qarshi “Vatan” faxriylar fondi ommaviy tashkiliy ishlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Botir Sodiqov hamda Mudofaa vazirligi Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Shuhrat Safarov dastlab ushbu “n” harbiy qism askarlariga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-7896]
So‘ngra ular bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, unda tizimda olib borilayotgan islohotlar, bugungi harbiy xizmatchilar Vatan tinchligi yo‘lida jangovor qobiliyati hamda chuqur bilimga ega bo‘lishlari zarurligi, mamlakatimiz bo‘ylab olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, bugungi tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetish va shukronalik hissi bilan yashash kabi jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
– “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturi doirasida tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida askarlarimiz qurilish-ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda. Tumandagi G‘ofur G‘ulom nomli hamda “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 24 ta ehtiyojmand, kam ta’minlangan, oilasida nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz qariyalarning xonadoni ta’mirlandi. Bu xalqimizning suyukli bayramlaridan biri – Qurbon hayitiga harbiylarimizning munosib tuhfasi bo‘ldi, deb o‘ylayman, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Shuhrat Safarov.
Tadbir so‘ngida “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturi doirasida qurilish-ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan Mudofaa vazirligi Kichik mutaxassislar tayyorlash markazining bir guruh askarlari bunyodkorlik ishlarida faol qatnashganlari uchun “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasining “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun” medallari bilan taqdirlandi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat) O‘zA