Harbiylar Amir Temur hayotini o‘rganmoqda
Mudofaa vazirligining Termiz garnizonidagi harbiy qismda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Janubiy operativ qo‘mondonligi, Termiz harbiy prokuraturasi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi mutasaddilari, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Tadbirda tarixchilar va soha mutaxassislari buyuk sarkardaning saltanatni boshqarish mahorati, ilm-fan va madaniyatning, harbiy sohaning rivojlanishida Amir Temurning o‘rni, jang san’ati usullari haqida atroflicha fikr almashdi. Yosh harbiylarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
– Buyuk Sohibqiron va undan keyingi temuriylar davrida yuz bergan yuksalishlarni chuqur bilish biz, yoshlarning vatanparvarlik hissimizni yanada mustahkamlashga, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmatimizni oshirishga xizmat qiladi,– deydi III darajali serjant Akbar Ahmedov. – Shu ma’noda mazkur tadbirning o‘tkazilgani buyuk ajdodlarga ehtirom tuyg‘umizni yanada yuksaltirgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir yakunida Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA