Harbiy xizmatchilarga yangi uylar topshirildi
Mustaqillik bayrami arafasida Andijon shahrida harbiy xizmatchilar uchun barpo etilgan 90 xonadondan iborat 3 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Mustaqillik bayrami arafasida Andijon shahrida harbiy xizmatchilar uchun barpo etilgan 90 xonadondan iborat 3 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Harbiy xizmatchilar, faxriylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy armiyaning jangovar salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarning xizmat va yashash sharoitlarini yaxshilash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligi, xususan, harbiy xizmatchilarning yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi arafasida Andijon shahrining Gumbaz va Qoʻshariq dahalarida qurilib, foydalanishga topshirilgan 90 xonadondan iborat ikki va uch xonali shinam uylar harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi.
Umumiy loyiha qiymati 12 milliard 240 million soʻm boʻlgan ushbu zamonaviy uylar Andijon shahridagi “Radius-servis”, “Samandar shijoat”, “Andijon qishloq qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari quruvchilari tomonidan bunyod etildi.
Yangi uylarga koʻchib kirgan oilalardan biri Ulugʻnor tumani, Mingbuloq qishlogʻidan boʻlgan Ulugʻbek Bobojonov oilasidir. U koʻp yillardan buyon harbiy xizmatda. Turli yillarda Toshkent, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida xizmatda boʻldi. Hozirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasida harbiy xizmatni oʻtamoqda. Yangi uy berilganligidan u va turmush oʻrtogʻi Mahbubaxon Bobojonovaning quvonchi cheksiz.
– Oilamiz uchun 3 xonali yangi uy ajratilganidan behad xursandmiz, – deydi mayor Ulugʻbek Bobojonov. – Uch nafar farzandimiz bor. Bu yilgi Mustaqillik bayrami oilamiz uchun qoʻshaloq bayram boʻldi. Yurtboshimizning, hukumatimizning harbiylarga, ularning oilalariga koʻrsatayotgan bu kabi eʼtiboridan minnatdormiz. Endi meni uy-joy qilish muammosi tashvishlantirmaydi. Qayerda boʻlmay Vatanimiz sarhadlari mudofaasi, xalqimiz tinchiligi uchun bor kuch-gʻayratim bilan xizmat qilaman.
Barpo etilgan yangi uylarning keng va yorugʻ xonadonlarida yashovchilar uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Bundan tashqari, alohida isitish tizimi, uylar oldida bolalar maydonchasi, suhbatgohlar barpo etilganligi ham aholiga katta qulaylik yaratadi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Sh.Abdurahmonov, Mudofaa vaziri oʻrinbosari, polkovnik A.Norboyev, Sharqiy harbiy okrug qoʻmondoni, polkovnik L.Buzrukov ishtirok etdi.