Harbiy xizmatchilar muddatidan oldin ovoz berdi
Joriy yilning 22 dekabr kuni parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun Surxondaryo viloyatida puxta hozirlik ko‘rildi.
Joriy yilning 22 dekabr kuni parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun Surxondaryo viloyatida puxta hozirlik ko‘rildi.
Muhim siyosiy kampaniyani uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun 785 saylov uchastkasi Saylov kodeksiga muvofiq jihozlanib, saylovchilar va komissiya a’zolari uchun barcha sharoit yaratildi.
– Saylov qonunchiligida saylov kuni o‘z yashash manzilida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilarning muddatidan oldin o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi alohida belgilab qo‘yilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i, xalqaro matbuot markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi rahbari S.Salomov. – Ularning bu huquqlari Saylov kodeksining 57-moddasida o‘z ifodasini topgan. Saylovchilar uchun yaratilgan mazkur imkoniyat ham keng targ‘ib qilinib, aholiga tushuntirildi. Saylovga o‘n kun qolganda muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti tegishli okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanib, ommaviy axborot vositalari orqali kuzatuvchilar e’tiboriga yetkazildi.
Ayni kunlarda saylov kuni o‘z yashash hududida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar muddatidan oldin ovoz berib, xohish-irodasini erkin bildirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish boshlanganidan buyon viloyatdagi saylov uchastkalariga 3 ming 204 saylovchi saylov kuni o‘z yashash hududida bo‘lolmasligining sabablari ko‘rsatilgan ariza bilan murojaat etgan. Ularning bu arizalari qanoatlantirilib, yopiq ovoz berishi uchun qulay imkoniyat yaratildi.
Muddatidan oldin o‘z hohishini emin-erkin bildirayotganlar safida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar va boshqa fuqarolar bor.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 74-Termiz saylov okrugiga qarashli 257-saylov uchastkasida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasining bir guruh harbiy xizmatchilari ham muddatidan oldin ovoz berib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash uchun vohaning chekka hududlariga xizmat safariga yo‘l oldi.
– Saylov kuni jamoat tartibini saqlash, joylarda osoyishtalikni ta’minlash uchun tumanlardagi tegishli saylov uchastkalariga biriktirilgan 70 nafar harbiy xizmatchimiz muddatidan oldin ovoz berdi, – deydi uchastka saylov komissiyasi raisi, podpolkovnik F.Usmonxo‘jaev. – Buning uchun ular Saylov kodeksida belgilanganidek, saylov byulleteni olib, uchastka komissiyasi a’zolari hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo chekdi. Byulletenni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida to‘ldirib, qaror qabul qilgach, yopiq konvertda topshirdi. Uning yelimlangan joyiga ikki nafar a’zomiz imzo qo‘ygach, komissiya muhri hamda ovoz beruvchining imzosi bilan tasdiqlab, maxsus qutiga joylashtirdik.
Viloyatda muddatidan oldin ovoz berish saylovga uch kun qolganida yakunlanadi.