Harbiy xizmat bilan tanishuv
Navoiy viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi hamda Harbiy prokuraturasi hamkorligida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Navoiy shahridagi “Mehribonlik uyi” va 1-sonli maktab o‘quvchilari bilan “Harbiy xizmat bilan tanishuv” mavzusida uchrashuv tashkil qilindi.
Malakali xodimlar tomonidan yoshlarga ko‘rgazmali chiqishlar, qurol-yarog‘dan foydalanish, xizmat transport vositalari namoyish etilib, ona Vatanni asrab-avaylash yo‘lida amalga oshiriladigan mashaqqatli xizmatning ayrim namunalaridan misollar keltirildi.

Jumladan, qo‘l jangi, o‘zini himoya qilish, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘quvchilar diqqat-e’tiborini o‘ziga tortdi. Irodani mustahkamlash, sabr-toqatli bo‘lishni talab qiluvchi mashg‘ulotlar haqiqiy barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilishi ularga alohida uqtirildi. Buning uchun chuqur bilim olish, muntazam ravishda o‘z ustida ishlash zarurligi tushuntirildi.

O‘z navbatida, harbiy texnikalar namoyishi davomida Navoiy viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan yoshlarga yo‘llarda xavfsiz harakatlanish qoidalari tushuntirilib, piyoda va velosiped boshqaruvchilari majburiyatlari aks ettirilgan bukletlar tarqatildi.

Abduvali BO‘RIEV, O‘zA