Harbiy ta’lim va armiyani raqamlashtirish yangi bosqichga olib chiqiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va armiyani raqamlashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda dunyoda yuz berayotgan qurolli mojarolarda uchuvchisiz uchadigan apparatlar, robotlashgan tizimlar, radioelektron kurash vositalari va zamonaviy boshqaruv texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Bu esa nafaqat qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni yangilash, balki yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashni ham taqozo etmoqda.

Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Qo‘shinlarda dronlarni jangovar qo‘llash va ularga qarshi kurashuvchi yangi bo‘linmalar tashkil etilib, uchuvchisiz uchadigan apparatlar operatorlari, muhandislar va robototexnika mutaxassislarini tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Taqdimotda davlatimiz rahbariga mazkur mobil bo‘linmalar faoliyati hamda ushbu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash tizimi yuzasidan hisobot berildi.
Harbiy ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur sohani rivojlantirish, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega harbiy kadrlarni tayyorlash choralari ko‘rildi. Natijada barcha oliy harbiy ta’lim muassasalariga institut maqomi berilib, yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratildi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.

Zamonaviy jangovar harakatlar, qo‘shinlardagi real ehtiyoj va ilg‘or oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida yangi malaka talablari, o‘quv reja va dasturlari joriy etilmoqda. Tayyorgarlik nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirish tamoyili asosida tashkil etilib, bo‘lajak ofitserlar o‘quv jarayonining o‘zida dolzarb vaziyatdan kelib chiqib xizmat o‘tashlari uchun zarur ko‘nikmalarni egallashi ko‘zda tutilgan.
Bakalavr darajasida harbiy kadrlar tayyorlashning mutlaqo yangi modeli doirasida kursantlarga xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt chuqur o‘rgatiladi.

Qo‘mondonlik-shtab ofitserlari uchun ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy qurolli to‘qnashuvlarni o‘rganish asosida ilk bor uch bosqichli yangi o‘qitish tizimi joriy etiladi.
Shu bilan birga, serjantlar tarkibini tayyorlash ko‘lami ham kengaytiriladi. Asosiy yangiliklardan biri – oliy harbiy ta’lim muassasalarida serjantlar uchun bakalavriatning oltita fuqarolik mutaxassisligi bo‘yicha masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, aviatsiya va uchuvchisiz uchadigan apparatlar mutaxassislarini tayyorlash tizimi yanada takomillashtirilib, mazkur yo‘nalishda Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarini o‘qitish va ularga yagona sertifikat berish tartibi joriy etiladi.
Taqdimotda armiyani raqamlashtirish va kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda Mudofaa vazirligi tizimida aloqa infratuzilmasi modernizatsiya qilindi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda, himoyalangan ma’lumot almashinuvi kanallari rivojlantirilmoqda.
Harbiy dasturchilar tomonidan qo‘shinlar faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha 50 ga yaqin axborot tizimlari ishlab chiqildi. Xususan, mudofaa ishlari organlarida “Chaqiruv” elektron axborot tizimi yaratilib, 19 ta vazirlik va idoralar bilan integratsiya qilindi. Bu 39 turdagi ma’lumotnomani onlayn shaklda olish va ilk bor chaqiruv tadbirlarini to‘liq elektron shaklda o‘tkazish imkonini berdi.
Harbiy tibbiyot sohasida yagona tibbiy axborot tizimi va telemeditsina joriy etilib, Sog‘liqni saqlash vazirligining “D-MED” tizimi bilan integratsiya ta’minlandi.
Zamonaviy xavf va tahdidlardan kelib chiqib, Mudofaa vazirligida kibertahdidlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan Axborot xavfsizligi monitoring markazi tashkil etildi.
Taqdimotda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini yanada rivojlantirish, robotlashgan va avtonom majmualardan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar taklif etildi.
Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Raqamli texnologiyalar bosh boshqarmasi, Sun’iy intellekt texnologiyalari departamenti va Kiberxavfsizlik laboratoriyasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Respublikaning barcha hududlarida uzluksiz va barqaror aloqani ta’minlash maqsadida Sun’iy yo‘ldosh aloqa markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mudofaa sohasida yagona raqamli siyosatni yuritish maqsadida mudofaa vazirining raqamlashtirish, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Harbiy okruglarda esa qo‘mondonlarning raqamlashtirish, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Taqdimot yakunida Oliy Bosh Qo‘mondon bildirilgan takliflarni ma’qullab, armiyani yanada raqamlashtirish, qo‘shinlarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan hujjatlarni imzoladi.
Mutasaddilar oldiga mudofaa sohasini to‘liq raqamlashtirish, milliy sun’iy intellekt modellarini yaratish va malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar qo‘yildi.